Germaniya TIV rahbari Toshkentda. U Komilov bilan uchrashuv o‘tkazdi

Jamiyat

image

Avvalroq Germaniya Tashqi ishlar vaziri Xayko Maas O‘zbekistonga kelishi hamda Toshkentda rasmiylar bilan Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilishi haqida xabar bergandik. 

Bugun, 30 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Toshkent shahriga tashrif bilan kelgan Germaniya TIV rahbari Xayko Maas bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot kotibi xabar berdi. 

Qayd etilishicha, muloqot chog‘ida O‘zbekiston-Germaniya hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilingan, shuningdek, bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvali va kun tartibi ko‘rib chiqilgan.

Bundan tashqari, Afg‘onistondagi bugungi vaziyatga alohida e’tibor qaratilgan. Xayko Maas O‘zbekiston tomoniga Afg‘onistondan Germaniya va boshqa xorijiy davlatlar fuqarolarining evakuatsiyasini tashkillashtirishda ko‘rsatgan yordami uchun yana bir bor minnatdorlik bildirgan. Tomonlar Afg‘oniston yo‘nalishida yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini ma’lum qilgan.

Xabarga ko‘ra, uchrashuvda ikki mamlakatning xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi hamkorligi yuzasidan ham fikr almashilgan.

Eslatib o‘tamiz, Germaniya Afg‘onistondan o‘z fuqarolari hamda G‘arbga yordam bergan afg‘onistonliklarni evakuatsiya qilishni to‘xtatdi. Qayd etish kerakki, ushbu jarayonda rasmiy Berlin O‘zbekistonga suyandi. O‘z navbatida, rasmiy Toshkentning insonparvarlik yo‘lida ko‘rsatgan ko‘magi uchun Germaniya kansleri Angela Merkel minnatdorlik bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

50

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing