Germaniya Saudiyaga qiruvchi samolyot yetkazib berishi mumkin

Olam

image

Germaniya Yevropa Ittifoqi va NATOdan tashqaridagi davlatlarga qurol va harbiy texnika yetkazib berishni ko‘paytirishi, xususan, Saudiya Arabistoniga Eurofighter samolyotlarini yetkazib berishni blokdan chiqarishi kerak. Bunday taklifni Xristian-demokratik ittifoqidan saylangan Bundestag deputati Roderix Kizevetter DPA'ga bergan intervyusida aytib o‘tdi. 

Deputat Germaniyaning Saudiya Arabistoni bilan hamkorlikdan strategik manfaatdorligini ham aytib o‘tgan.

“Bunday kursni o‘zgartirish Saudiya Arabistonining G‘arb lageridan uzoqlashishi va, masalan, Xitoyga qo‘shilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun zarur”, deydi Kizevetter. 

Bundan tashqari, gap Saudiya Arabistoni va Isroil o‘rtasidagi munosabatlarni barqarorlashtirish haqida ketmoqda. G‘azodagi mojarodan oldin ikki davlat orasida yaqinlashuv kuzatilgan. 

“Shuning uchun biz Saudiya Arabistoniga Eurofighter’ni yetkazib berishimiz kerak. Xuddi shunday, Buyuk Britaniyaning Ukrainaga Eurofighter yuborish istagini ham qo‘llab-quvvatlashimiz zarur. Biroq kansler buni men tushunmaydigan sabablarga ko‘ra to‘sib qo‘ymoqda”, deya xulosa qildi Kizevetter .

“The Daily Telegraph” (DT)ning yozishicha, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak Germaniya kansleri Olaf Sholsni Eurofighter Typhoon qiruvchi samolyotlarini Saudiya Arabistoniga eksport qilishga ko‘ndirishga urinmoqda. 

Qayd etish joizki, Saudiya Arabistoniga 48 ta Eurofighter Typhoon ko‘p maqsadli qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga 2018 yilda erishilgan. Biroq 2018 yilning oktyabr oyida Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligida jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishidan so‘ng, kelishuv pauza qilingan. Samolyotlarni eksport qilish uchun uni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan barcha to‘rtta davlatdan – Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya va Germaniyadan ruxsat olish kerak. Berlin rasmiylari Qoshiqchi o‘ldirilishi ortidan Saudiya Arabistoniga qurol eksport qilishni taqiqladi. DT ma’lumotlariga ko‘ra, Shols bu taqiqdan voz kechishga tayyor, ammo uning koalitsion hukumatidagi Yashillar bunday qadamga qarshi. Ular buni Saudiyadagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatga bog‘lamoqda.

DPA’ga ko‘ra, Germaniya 2023 yilda chet davlatlarga rekord darajadagi 11,7 milliard yevrolik qurol yetkazib berishga ruxsat bergan, bu summaning uchdan bir qismi Ukraina hisobiga to‘g‘ri keladi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq “Bloomberg” manbalariga tayanib, Amerika Qo‘shma Shtatlari Saudiya Arabistoni armiyasining jangovar tayyorgarligi uchun 1 milliard dollar ajratishini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Saudiya Arabistoni Eurofighter Typhoon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing