Germaniya Prezidenti Kiyevga tashrifini bekor qildi
Olam
−
20 Oktabr 2022
5407Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer xavfsizlik nuqtai nazaridan Kiyevga tashrifini bekor qildi. Bu haqda Germaniyaning “Bild” nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Shtaynmayer Kiyevga 20 oktyabrda kelishni rejalashtirgan. Biroq 18 oktyabr kuni u Germaniya xavfsizlik idoralarining so‘nggi baholariga ko‘ra safarini bekor qilgan. Bu qaror Qrim ko‘prigidagi portlashdan keyin Kiyev muntazam hujumga uchrayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Nashrning yozishicha, Shtaynmayerning tashrifi bir necha hafta davomida muvofiqlashtirilgan va uning bekor qilinishi Ukraina rasmiylarining g‘azablanishiga sabab bo‘lgan.
“Federal Prezident tashrifini bekor qilayotgan bir paytda, ko‘plab xorijiy diplomatlar va mehmonlar [Ukraina] poytaxtida borligini ko‘rsatishni istashmoqda”, deydi ismi oshkor etilmagan Ukraina rasmiysi.
Frank-Valter Shtaynmayer urush boshlanganidan beri biror marta ham Ukrainaga bormadi. U aprelda kelmoqchi edi, biroq Ukraina rasmiylari Shtaynmayerning o‘tmishdagi “rossiyaparast pozitsiyasi” tufayli uning tashrifini nomaqbul deb hisobladi. Shu bois Germaniya kanyleri Shols ham Kiyevga borishdan voz kechdi.
May oyi boshida Shtaynmayer Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali gaplashib oldi. Tomonlar “o‘tmishni ortda qoldirishga kelishib olganliklarini” aytishdi. Shols iyun oyida Fransiya va Italiya rahbarlari bilan birga Kiyevga tashrif buyurgan edi.
Avgust oyida Germaniyaning Ukrainadagi elchisi Anka Feldguzen Shtaynmayerning Kiyevga tashrifiga tayyorgarlik ko‘rilgani haqida ma’lum qilgandi, biroq u qachon bo‘lib o‘tishi mumkinligiga aniqlik kiritmagan edi.
LiveBarchasi