Germaniya migrantlarga fuqarolik olishni soddalashtirmoqda
Olam
−
25 noyabr 2022
5572Germaniyaning sotsial-demokratlar, yashillar va liberallardan iborat yangi hukmron koalitsiyasi mamlakat fuqaroligini olish tartibini soddalashtirish, xususan, ikki fuqarolik imkoniyatiga ruxsat berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Die Welt gazetasiga tayanib, EurAsia Daily nashri xabar berdi.
Nashrda keltirilishicha, Germaniya uzoq vaqtdan beri Yevropada migrantlar uchun eng qulay manzil hisoblanadi. Germaniyaning bo‘lajak hukumati amaldagi fuqarolik to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritib, mamlakatni xorijliklar orasida mashhur qilishni rejalashtirmoqda.
“Biz fuqarolikni qabul qilish bo‘yicha zamonaviy huquqiy tizimni yaratyapmiz. Buning uchun biz ko‘p fuqarolik imkonini beramiz va Germaniya fuqaroligini olishni soddalashtiramiz”, deyiladi koalitsiya kelishuvida.
Shu bilan birga, fuqarolikni olish uchun talab qilinadigan Germaniyada yashash muddati sakkiz yildan besh yilgacha, ayrim hollarda esa uch yilgacha qisqartirilishi kutilayotgani ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, Germaniyaning bo‘lajak Vazirlar Mahkamasi muhojirlarning bolalariga fuqarolikni qabul qilish bo‘yicha qoidalarni qayta ko‘rib chiqish niyatida.
“Germaniyada xorijlik ota-onalardan tug‘ilgan bolalar, agar ota-onalardan biri Germaniyada besh yil qonuniy istiqomat qilgan bo‘lsa, tug‘ilganidayoq Germaniya fuqarosi bo‘ladi”, deyiladi nashr xabarida.
Tomonlar, shuningdek, mehnat muhojirlari uchun fuqarolikni olish tartibini sezilarli darajada soddalashtirishga, jumladan, ularning til bilish darajasini pasaytirishga intilmoqda.
Germaniyaning fuqarolik to‘g‘risidagi amaldagi qonunchiligi, qoidaga ko‘ra, kelib chiqish prinsipiga asoslanadi. Bu shuni anglatadiki, Germaniya fuqaroligi birinchi navbatda Germaniya fuqarosi bo‘lgan ota-onaning kelib chiqishi asosida olinadi. 2000 yildan boshlab esa, chet el fuqarosi bo‘lgan ota-onalardan Germaniyada tug‘ilgan bola Germaniya fuqaroligini olishi ham mumkin bo‘lgan edi.
Xususan, sakkiz yil davomida Germaniya Federativ Respublikasi hududida qonuniy ravishda doimiy yashab kelayotgan chet el fuqarosi nemis tilini yetarli darajada bilsa, jinoiy huquqbuzarlik sodir etmasa, davlat ijtimoiy ta’minotiga murojaat qilmasdan mustaqil ravishda Germaniya fuqaroligini olishi mumkin.
Ma’lumot o‘rnida, Germaniya fuqaroligiga qabul qilish, odatda, fuqarolikka murojaat qilgan shaxs o‘zining avvalgi fuqaroligidan voz kechishini talab qiladi (istisnolar Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar yoki Shveysariya fuqarolari uchun berilgan).
Sohiba Komilovna
LiveBarchasi