Germaniya kansleri Shols Kiyevga bordi
Olam
−
13:54
1654Germaniya kansleri Olaf Shols bugun, 2 dekabr kuni Ukrainaga tashrif bilan bordi – bu uning so‘nggi ikki yarim yil ichida Kiyevga birinchi tashrifi.
Kiyevga poyezdda yetib borgan Germaniya hukumati rahbari Rossiya agressiyasini qaytarishda Ukrainaga harbiy yordamni davom ettirishga va’da berdi.
"Shu o‘rinda shuni aytmoqchimanki, Germaniya Ukrainaning Yevropadagi eng kuchli tarafdori bo‘lib qoladi. Mening tashrifim ming kundan ortiq vaqt davomida shafqatsiz rus tajovuzidan o‘zini qahramonlarcha himoya qilib kelayotgan mamlakat bilan birdamlik belgisidir. Ukraina Germaniyaga tayanishi mumkin. Biz nima qilsak, aytamiz va aytganimizni qilamiz", degan Shols dekabr oyida Germaniya Ukrainaga 650 million yevrolik qurol yetkazib berishini qo‘shimcha qilib.
Olaf Shols Kiyevga tashrifi davomida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashadi. Federal kanslerning tashrifi xavfsizlik nuqtai nazaridan oldindan e’lon qilinmagan, chunki Kiyev so‘nggi paytlarda tez-tez Rossiya havo hujumlari nishoniga aylangan.
Ma’lumot uchun, Germaniya AQSHdan keyin Ukrainaga eng muhim qurol yetkazib beruvchi hisoblanadi. Germaniya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil 24 fevralda Rossiya qurolli bosqinidan beri Germaniya Ukrainaga 28 milliard yevrolik qurol va jihozlar yetkazib bergan yoki yetkazib berishga va’da bergan. Bu summa, shuningdek, Shols dekabr oyida e’lon qilgan 650 million yevrolik paketni ham o‘z ichiga oladi.
"Bu yil Germaniya Buyuk Britaniya va Fransiyani jamlagandan ko‘proq mahsulot yetkazib berdi. Va bu mamlakatlarga yana bir nechtasini qo‘shishimiz mumkin", degan edi kansler o‘tgan hafta oxirida.
Shols birinchi marta urush boshlanishidan biroz oldin Ukraina poytaxtiga tashrif buyurgan. Shundan to‘rt oy o‘tib – 2022 yilning iyun oyida – ikkinchi tashrif bo‘lib o‘tdi, uning davomida Shols Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, keyin esa Italiya bosh vaziri Mario Dragi bilan birga Kiyevga keldi. O‘shanda Yevropaning uchta yetakchisi Ukrainaga Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish uchun nomzod maqomini olish uchun yo‘l ochdi.