Germaniya kansleri Pekinda: kun tartibida savdo va geosiyosat

Olam

image

Bugun, 25 fevral kuni Germaniya kansleri Fridrix Mers Xitoyga uch kunlik rasmiy tashrif bilan bordi. Bu haqda “Sinxua” xabar berdi.

Agentlikka ko‘ra, Mersni Pekin aeroportida Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi rahbari Sun Meyjun kutib olgan. Tashrif davomida kansler Xitoy Davlat kengashi bosh vaziri Li Syan va Xitoy Raisi Si Szinpin bilan uchrashadi.

Pekinda Mers sobiq imperator qarorgohi – Taqiqlangan saroyga tashrif buyuradi, shuningdek, Germaniyaning Mercedes-Benz va Siemens Energy kompaniyalari vakillari bilan uchrashishi rejalashtirilgan. Xanchjouda esa u Xitoyning Unitree robototexnika kompaniyasi bosh ofisiga boradi.

Tashrif chog‘ida kanslerga Germaniya biznes doiralari vakillaridan iborat katta delegatsiya hamrohlik qilishi kutilmoqda. Iqtisodiy hamkorlik masalalari kun tartibida asosiy o‘rinni egallaydi.

Germaniya uchun Xitoy bilan barqaror iqtisodiy aloqalarni saqlab qolish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bunga AQSH Prezidenti Donald Trampning tarif siyosati sabab yuzaga kelgan savdo noaniqliklari ham ta’sir qilmoqda.

Shuningdek, tashrif davomida xavfsizlik, geosiyosat, savdo, inson huquqlari hamda Rossiya-Ukraina mojarosi masalalari ham muhokama qilinishi kutilmoqda. Germaniya hukumati vakillari bu mavzular oldindan kun tartibiga kiritilganini bildirgan.

Mers AQSHning bir tomonlama siyosiy qarorlari fonida Xitoyga tashrif buyurayotgan G‘arb yetakchilari qatoriga qo‘shildi. 2025 yil noyabr oyida Ispaniya qiroli Filip VI, dekabr oyida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Pekinga tashrif buyurgan. 2026 yilda esa Irlandiya, Kanada, Finlyandiya va Buyuk Britaniya rahbarlarining ham Xitoyga borishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya kansleri Fridrix Mers ilk bor Hindistonga rasmiy tashrif bilan borgan edi. U Ahmadobod shahridagi Sabarmati daryosi bo‘yida Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan Xalqaro varrak festivalida ishtirok etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Xitoy Si Tszin'pin Fridrix Merts

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing