Germaniya Gruziyadagi elchisini chaqirib oldi

Olam

image

Germaniya Gruziyadagi elchisi Peter Fisherni chaqirib oldi. Bu haqda kecha, 19 oktyabr kuni mamlakat Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

“Gruziya rahbariyati bir necha oydan beri Yevropa Ittifoqi, Germaniya va shaxsan Germaniya elchisi Fisherga qarshi nafrat qo‘zg‘atmoqda. Shu sababli, Germaniya Tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Fisherni maslahatlashuvlar uchun chaqirib olishga qaror qildi, bunda keyingi qadamlar muhokama qilinadi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Qayd etilishicha, vaziyatni Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar kengashi muhokama qiladi.

Qayd etish joiz, 2024 yil noyabr oyida Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze hukumat Yevropa Ittifoqi bilan a’zolik bo‘yicha muzokaralarni 2028 yil oxirigacha kun tartibidan olib tashlashini e’lon qilgandi. Shundan so‘ng, Tbilisi va mamlakatning boshqa shaharlarida norozilik namoyishlari boshlandi.

Namoyishlarni bostirish hamda mamlakatning Yevropa Ittifoqiga kirish masalasini kechiktirishiga javoban, Berlin Tbilisi bilan qiymati 237 million yevroga teng loyihalarni to‘xtatdi. Fisher esa Germaniya Gruziya bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqayotganini bildirgan.

Bundan tashqari, o‘sha yilning bahorida Gruziyada “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan edi, bu ham Yevropa Ittifoqi tomonidan tanqidga uchradi.

Joriy yilning sentyabr oyida Fisher diplomatik munosabatlar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi tamoyillarini buzganlikda ayblanib, Gruziya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan. O‘shanda Kobaxidze bu qarorni zarur diplomatik chora deb atagan, chunki uning so‘zlariga ko‘ra, elchi muntazam ravishda radikal muxolifat faoliyatini qo‘llab-quvvatlagan.

Fisher Gruziyaning “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” partiyasi siyosatini Yevropadan uzoqlashish yo‘nalishida tanqid qilib kelgan. Shuningdek, u hukumat Yevropa Ittifoqiga kirish muzokaralarini 2028 yilgacha kechiktirish to‘g‘risida qaror chiqargach, ko‘chalarga chiqqan muxolifat namoyandalarini faol qo‘llab-quvvatlagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning oktyabr oyi boshida Gruziyada o‘tkazilgan mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylovlar davomida poytaxt Tbilisida norozilik aksiyalari o‘tkazilgan edi. Talabalar mitingning maqsadini “vatan uchun kurash” deb atagan. Ular amaldagi hokimiyat, jumladan, hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi asoschisi Bidzina Ivanishvili va Bosh vazir Irakliy Kobaxidzeni Rossiya bilan yaqin aloqada bo‘lishda ayblagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Gruziya Peter Fisher

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing