Germaniya, Fransiya va Polsha Ukraina uchun ko‘proq qurol sotib oladi
Olam
−
16 mart
3812Germaniya, Fransiya va Polsha jahon bozorida Ukraina uchun ko‘proq qurol sotib oladi. Bu haqda Germaniya kansleri Olaf Shols kecha, 15 mart kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Polsha Bosh vaziri Donald Tusk bilan o‘tkazgan “Veymar uchburchagi” deb nomlangan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qildi.
So‘nggi haftalarda Germaniya va Fransiya yetakchilari o‘rtasidagi kelishmovchiliklarga qaramay, Shols va Makron Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda birdamlik bildirdi.
"Bizning uch davlatimiz – Germaniya, Polsha va Fransiya bu borada alohida mas’uliyatni bo‘yniga oladi. Xususan, biz darhol Ukraina uchun butun jahon bozorida yanada ko‘proq qurol sotib olamiz”, deydi Germaniya hukumati rahbari.
Bundan tashqari, Shols mamlakatlar Ukraina armiyasi uchun "uzoq masofali raketa artilleriya imkoniyatlarining yangi koalitsiyasi" haqida kelishib olganini aytdi. Kanslerning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina mudofaasi bo‘yicha aloqa guruhi (Ramshteyn formati) doirasida raketa artilleriyasini xarid qilish bo‘yicha koalitsiya tuziladi.
Qayd etish joizki, 2022 yil bahorida Ramshteyn aviabazasida AQSH shafeligida tuzilgan 50 ta davlatdan iborat guruh Rossiyaga qarshi urushda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni tashkil qilish uchun muntazam yig‘iladi.
Ma’lumot uchun, “Veymar uchburchagi” 1991 yilda Germaniya hukumati tashabbusi bilan tashkil etilgan. Dastlab, formatning maqsadi Polsha va boshqa Sharqiy Yevropa davlatlarini Yevropa Ittifoqi va NATOga yaqinlashtirish edi. Yillar davomida bu vazifa kamroq dolzarb bo‘lib qoldi, ammo “Veymar uchburchagi” formatidagi guruh 2022 yil fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga to‘liq miqyosli bosqinidan keyin tez-tez uchrasha boshladi.