Germaniya Belarus biqiniga 5 ming askar yuboradi

Olam

image
0:00
0:00
download

Germaniya qariyb 5000 askarini Belarus bilan chegaradosh Litvaga doimiy ravishda joylashtiradi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.

Rejaga ko‘ra, 2027 yil oxiriga borib, Litvada 5000 nafar nemis harbiysi doimiy xizmat qiladi. Bu bilan Bundesver (Germaniya Qurolli kuchlari) mamlakat tarixida ilk bor katta harbiy guruhni xorijda doimiy ravishda joylashtirmoqda. Askarlar Belarus chegarasi yaqinida xizmat qiladi.

Litva tomonining ma’lum qilishicha, o‘rmonlar bor hududlarda qisqa vaqt ichida yangi turarjoylar, maktablar, bolalar bog‘chalari va tibbiyot muassasalari qurilmoqda.

“Nemis brigadasini joylashtirish ishlari reja bo‘yicha ketmoqda. Hatto dastlabki bosqichda rejadan o‘n oy oldindamiz. Bu infratuzilma qurilishida ancha ilgarilab ketganimizni va ikkinchi bosqichni ertaroq boshlashimiz mumkinligini anglatadi”, deydi Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius.

Hozirda Litvada 1800 ga yaqin nemis askari xizmat qilmoqda. Ular Belarus chegarasidan atigi 20 kilometr uzoqlikdagi Pabrade poligonida, NATOning sharqiy qanotini himoya qilish va ehtimoliy tahdidlarga qarshi tayyorgarlik ko‘rish mashg‘ulotlarini o‘tkazmoqda.

Mashg‘ulotlarda Germaniyaning 45-tank brigadasi bilan birga Avgustdorfdagi 203-tank bataloni va Bavariyaning Oberviyextax shahridagi 122-piyoda batalonining bo‘linmalari ham qatnashmoqda. Ushbu batalonlar kelgusi yilda Litvaga doimiy ravishda ko‘chirilishi rejalashtirilgan.

“Germaniya va Litva 2027 yil oxiriga qadar barcha ishlarni yakunlab, brigadani to‘liq jihozlangan va jangovar shay holatga keltiradi. Balki bundan ham oldinroq”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Brigadani 2027 yil oxirigacha to‘liq jangovar shay holatga keltirish masalasi Germaniyada muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bundesver bu loyihani mamlakatning NATO oldidagi majburiyatlariga sodiqligini namoyish etuvchi muhim tashabbus sifatida baholamoqda.

Nashrning yozishicha, Bundesver Litvadagi brigadani to‘ldirish uchun faqat ko‘ngillilik tamoyiliga tayanmasligi mumkin.

“Biz ko‘ngillilik tamoyiliga amal qilishda davom etamiz. Ammo zarurat tug‘ilganda majburiy choralarni ham qo‘llashimiz mumkin”, degan Germaniya quruqlik qo‘shinlari inspektori, general-leytenant Kristian Froyding.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida AQSH va Buyuk Britaniya Litvada, Belarus chegarasidan taxminan 30 kilometr uzoqlikda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing