Gender tenglik ayollar ham erkaklar kabi jinoyat qilishi kerak degani emas – Sudya og‘riqli mavzu haqida
Jamiyat
−
26 mart 2021
4514Hozirgi kunda ommaviy axborot vositalarini kuzatar ekansiz "Yangi O‘zbekiston" degan jumlaga tez-tez duch kelasiz. "Yangi O‘zbekiston"ning asosiy maqsadlaridan biri esa qat’iy qarorlar qabul qilib, jamiyatning har bir jabhasida gender tenglikka erishishdir.
Bugun, 26 mart kuni Prezidentimizning 2020 yil 30 iyundagi topshirig‘iga muvofiq tasdiqlangan Toshkent shahrida jinoyatlarni jilovlash, jinoyatchilik profilaktikasini yanada takomillashtirish, odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyadan holi hududga aylantirish bo‘yicha Yo‘l xaritasida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida sudlar faoliyatining ochiqligi, oshkoraligi va shaffofligini oshirish maqsadida jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi, fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakksaroy tumanlararo sudi, Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi hamda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berish maqsadida tashkil etilgan brifingda Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi raisi Tolibjon Obidov og‘riqli mavzu haqida fikr bildirib shunday dedi.
"Shuni ham ta’kidlab o‘tish kerakki, so‘nggi vaqtlarda ayollar o‘rtasida ham jinoyatga qo‘l urish holatlari ko‘payyapti. Hozir ayollarga keng imkoniyatlar yaratilyapti, yengilliklar berilyapti, lekin bu jinoyatchilikka yo‘l ochib bermasligi kerak. Chunki, gender tenglik degani, erkak nechta jinoyat sodir etsa, ayol ham shuncha jinoyat qilishi kerak degani emas-ku. Jamiyatda hammani o‘z o‘rni bor va hech bir inson shu o‘rnini yo‘qotib qo‘yishi kerakmas", deydi Tolibjon Obidov
Yig‘ilishda Yakkasaroy tumanidagi sudlarning yillik faoliyati haqida ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, 2020 yilda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudida 5787 ta (2019 yilda esa 4170 ta ) fuqarolik ishlari tamomlangan. Bu o‘tgan yilgi holatga nisbatan 1617 taga, ya’ni 38,77 foizga ko‘p.
Bundan tashqari, Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida 2020 yilning o‘zida 279 ta jinoyat ishi 389 nafar shaxsga nisbatan ko‘rilgan bo‘lib, shundan 225 ta ish bo‘yicha 333 nafar shaxsga ayblov hukmi chiqarilgan
Shu o‘rinda joriy yilning 24 mart kuni Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva og‘ir jinoyatlarga ham yengil jazo berilayotgani jinoyatchilarning ko‘payishiga sabab bo‘layotganini ta’kidlab o‘tgandi. Bir savol tug‘iladi: sudyalar hukm chiqarayotganda ko‘proq vijdoniga tayanadimi yoki qonunga? Mazkur savol bilan Tolibjon Obidovga murojaat qildik.
"Sudya hukm chiqarayotganda vijdoniga ham qonunga ham qaraydi. Chunki adolatli qaror chiqarish har ikkisiga ham chambarchas bog‘liq. O‘sha yerda qandaydir statistika keltirilgan bo‘lishi mumkin, lekin barcha holatlarda ham bunday bo‘lmaydi. Sudya ishni ko‘rib chiqqanidan keyin, hukm chiqarish uchun unga individual yondashadi. Qonunda shunday talab borki, sud hukmi qonuniy, asosli va adolatli bo‘lishi kerak. Femidaning qo‘lida bekorga tarozi turmaydi. Jinoyat va unga berilgan jazo teng bo‘lishi kerak. Ya’ni tarozining biror pallasi bosib ketmasligi lozim", deya javob berdi Tolibjon Obidov.
Sudyaning qo‘shimcha qilishicha, qachonki yuqorida sanab o‘tilgan uchta prinsipga amal qilinmasa, sudya chiqargan hukm bekor qilinishi ham mumkin. Yig‘ilish davomida jazodan norozi shaxslar bemalol o‘z murojaatlarini apellyatsiya tartibida kiritishlari mumkin ekanligi ta’kidlab o‘tildi.
Ro‘zimurod Berdiyev
LiveBarchasi