Gazsiz qolishdan qo‘rqqan YeI favqulodda rejani ishga tushirdi
Olam
−
09 avgust 2022
13225Yevropa Ittifoqining tabiiy gaz iste’molini kamaytirish bo‘yicha favqulodda rejasi bugun, 9 avgust kuni kuchga kirdi. Rejada Yevropa Ittifoqi davlatlari avgust oyi boshidan kelasi yilning martigacha gaz iste’molini ixtiyoriy ravishda so‘nggi besh yildagi o‘rtacha iste’molga nisbatan 15 foizga kamaytirishi nazarda tutiladi
Bundan ko‘zlangan maqsad Rossiyadan gaz yetkazib berishning to‘liq to‘xtatilishi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni kamaytirishdir. Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi fonida "Gazprom" allaqachon gazni Yevropa mamlakatlariga yetkazib berish hajmini keskin kamaytirgan.
Yevrokomissiyaga ko‘ra, YeI davlatlari jami 45 milliard kub metr gazni tejashi zarur. Germaniya 15 foizlik maqsadni amalga oshirish uchun gaz iste’molini taxminan 10 milliard kub metrga qisqartirishi kerak.
Ma’lum bo‘lishicha, agar gazni tejash imkoni bo‘lmasa, keyingi qadam Yevropa Ittifoqi bo‘ylab ogohlantirishni oshirish va gaz iste’molini kamaytirish bo‘yicha majburiyatlarni qo‘yish bo‘lishi mumkin. Bu qadam Yevropa Ittifoqining kamida 15 mamlakati roziligini talab qiladi, bu esa YeI butun aholisining kamida 65 foiziga teng.
Shu bilan birga, Ispaniya va Italiya kabi ba’zi YeI davlatlari gazni tejash rejasidan ozod bo‘ldi va iste’molni 15 foizdan kamroq qisqartirish niyatida. Ushbu favqulodda vaziyat rejasi bir yil davomida amal qiladi.
Farangiz Salimova
LiveBarchasi