G‘azoga qilingan hujumdan qurbon bo‘lganlar 1 500 dan oshdi

Olam

image

Isroilning blokadadagi G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 1500 kishidan ortdi. Bu haqda G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib, “Anadolu” xabar berdi.

Vazirlik tomonidan berilgan yozma bayonotda, mintaqadagi qurbonlar va jarohatlar haqida ma’lumot berilgan.

Bayonotda, 7 oktabrdan beri Isroilning G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlarida 1537 kishi, jumladan 500 bola va 276 ayol halok bo‘lgani, 6612 kishi yaralangani qayd etilgan.

Vazirlik o‘zining avvalgi bayonotida 1417 kishi halok bo‘lganini, 6268 kishi jarohatlanganini bildirgan edi.

Isroilning KAN davlat radiostansiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilda 1,3 ming kishi HAMAS hujumlari qurboni bo‘lgan. 3,3 mingga yaqin isroillik yaralangan, ulardan 28 nafari o‘ta og‘ir, 350 nafari og‘ir ahvolda.

Isroil-Falastin mojarosi

Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.

Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.  9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi. 

Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi.  Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing