G‘azoda tashqi boshqaruv ichki qo‘llab-quvvatlashga tayanishi lozim – Shavkat Mirziyoyev

Jamiyat

image

G‘azoning har qanday tashqi boshqaruv mexanizmi sektor aholisining so‘zsiz ichki qo‘llab-quvvatlashiga tayanishi lozim. Bu haqda bugun, 19 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev G‘azo bo‘yicha “Tinchlik kengashi”ning birinchi sammitidagi nutqida so‘z ochdi.

“Avvalambor, Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp Janobi Oliylariga “Tinchlik kengashi”ning inauguratsiya majlisini chaqirgani uchun chin dildan minnatdorlik izhor etaman. Hech shubhasiz, bugungi sammit bu Prezident Trampning siyosiy irodasi va pragmatizmi natijasidir”, deydi O‘zbekiston yetakchisi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida O‘zbekiston “Tinchlik kengashi”ni tuzish bo‘yicha tinchliksevar tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini va uning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi borasida o‘zining amaliy ishtirokini qat’iy bayon etishini bildirgan.

“Ishonchim komil, kengash ishi G‘azo mintaqasini iqtisodiy va ijtimoiy qayta tiklash uchun qulay sharoit yaratishga imkon beradi. Shu bilan birga, G‘azoning har qanday tashqi boshqaruv mexanizmi sektor aholisining so‘zsiz ichki qo‘llab-quvvatlashiga tayanishi lozim”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.

Shavkat Mirziyoyevning bildirishicha, barcha tomonlarning muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlari G‘azoni tez fursatda qayta tiklash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga, mojarodan keyingi jarayonlarni barqarorlashtirishga xizmat qiladi.

“Ta’kidlab aytamanki, O‘zbekiston ushbu hududda turarjoylar, bolalar bog‘chalari, maktab va shifoxonalar barpo etishga imkon qadar hissa qo‘shishga tayyor.

Ushbu sammit Donald Tramp nomidagi Tinchlik institutida o‘tkazilayotganida ramziy ma’no mujassam. Bizning uchrashuvimiz xalqaro birdamlik, tinchliksevarlik va Yaqin Sharqdagi vaziyatni yaxshilashga bo‘lgan umumiy intilishimizning yorqin ifodasidir.

Biz Yangi G‘azoni – iqtisodiyoti farovon, aholi uchun munosib turmush sharoitlariga ega bo‘lgan mintaqani barpo etish uchun ushbu tarixiy imkoniyatdan foydalanishimiz zarur”, deydi O‘zbekiston yetakchisi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev G'azo Tinchlik kengashi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing