G‘azoda Isroil tarqatayotgan un xaltalaridan narkotik topildi
Olam
−
28 iyun 12185 2 daqiqa
AQSH va Isroil ko‘magida tashkil etilgan “G‘azo gumanitar yordami fondi” orqali faoliyat yuritayotgan gumanitar yordam markazlarida tarqatilayotgan un xaltalarida narkotik ta’sirga ega dori vositalari aniqlangan. Bu haqda Gazo sektori hukumati matbuot xizmatiga tayanib, “Quds news network” xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, to‘rt kishi AQSH-Isroil gumanitar yordam markazlaridan olingan un xaltalari ichida oksikodon turidagi narkotik modda saqlovchi tabletkalarni topgan.
“Bunday moddalarning un xaltalariga joylashtirilishi fuqarolar salomatligi va jamiyat tuzilmasiga qarshi yo‘naltirilgan jirkanch jinoyat hisoblanadi”, deyiladi xabarda.
Shundan so‘ng, G‘azo hukumati Isroilni gumanitar yordam niqobi ostida falastinliklar orasida giyohvandlikni yoyishga urinishda ayblamoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bunday moddalarni “iflos urushning yumshoq vositasi” sifatida ishlatish harbiy jinoyat bo‘lib, xalqaro gumanitar huquq me’yorlariga zid.
Hukumat aholiga murojaat qilib, bunday markazlardan olingan yordam mahsulotlarini sinchiklab tekshirishga, shuningdek, har qanday shubhali moddalar topilganda zudlik bilan xabar berishga chaqirgan. Ota-onalarga esa bolalarni bunday markazlarga borish xavfi va narkotik moddalarning tahdidi haqida ogohlantirish tavsiya etilgan.
Bayonotda xalqaro hamjamiyatga murojaat qilinib, “o‘lim tuzog‘i”ga aylangan va yuzlab insonlarning o‘limiga sabab bo‘lgan bu kabi markazlarning faoliyatini to‘xtatishga da’vat qilingan.
G‘azo hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil 27 maydan 25 iyunga qadar ushbu yordam markazlarida 549 nafar falastinlik halok bo‘lgan, yana 4066 kishi tan jarohati olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil tomonidan G‘azo shahrining turli hududlariga va G‘azo janubida insonparvarlik yordamini kutayotgan fuqarolar to‘plangan joylarga uyushtirilgan havo hujumlari oqibatida kamida 24 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgani, yana o‘nlab odamlar jarohat olgani xabar qilingandi.