G‘azoda boshpanasidan ayrilganlar soni 600 mingga yetdi
Olam
−
16 Oktabr 2023
2672Falastin-Isroil mojarosi boshlanganidan beri G‘azo sektoridan ko‘chirilganlar soni 600 mingga yetdi. Bu haqda BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi (GMMB) ma’lum qildi.
"Isroilning 13 oktyabr kuni evakuatsiya qilish buyrug‘idan so‘ng, G‘azo sektorining shimolidan janubiga [aholining] ommaviy ko‘chishi davom etmoqda. 14 oktyabr oqshomiga qadar G‘azoning markaziy va janubiy hududlarida 600 mingga yaqin ko‘chirilganlar boshpana topdi, ularning yashash sharoitlari tobora yomonlashib bormoqda”, deyiladi bayonotda.
Ta’kidlanishicha, 14 oktyabrdan beri ularning soni "sezilarli darajada o‘sgan", ammo aniq raqamlar aniqlanmagan.
"Odamlarning doimiy harakati tufayli G‘azo shahri va G‘azo shimolidagi ichki ko‘chirilganlar sonini aniqlab bo‘lmayapti", deyilgan GMMBning bu haqdagi izohida.
"G‘azodagi barcha kasalxonalarda 24 soat ishlash uchun yetarli yoqilg‘i bor. Zaxira quvvat generatorlari ishini to‘xtatishi minglab bemorlarning hayotini xavf ostiga qo‘yishi mumkin", deyiladi departament xabarida.
Isroil-Falastin mojarosi
Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi. 9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi.
Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi. Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.