G‘azo sektorida o‘zbekistonliklar asirga olingani rostmi?
Olam
−
11 Oktabr 2023 11060 3 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Isroil-Falastin harbiy to‘qnashuvlar chog‘ida asirga olingan O‘zbekiston fuqarolari haqidagi tasdiqlanmagan ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Ushbu holat yuzasidan O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi rasmiy bayonot berdi.
Ma’lum qilinishicha, elchixonaga Isroil va G‘azo sektoridagi mojaro hududlarida majburan ushlab turilganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari borligi haqida ma’lumot kelib tushmagan.
“Hozirda O‘zbekiston fuqarolarini Isroilda ro‘yxatga olish tezlashtirilgan va soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilmoqda”, deyiladi bayonotda.
Shu munosabat bilan elchixona Isroilda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolariga yana bir bor murojaat qilib, tezkor aloqa va amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida o‘zlarining istiqomat manzillari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni diplomatik vakolatxonaning elektron manziliga jo‘natishni so‘ragan.
Elchixonaning aloqa ma’lumotlari:
03-672-2466
03-672-2371
03-758-5075
03-758-5076
054-4851397
Elchixona, shuningdek, ma’lumot olishda ishonchli manbalarga tayanishni va tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘ragan.
Isroil-Falastin mojarosi
Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi. 9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi.
Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi. Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.
So‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar oqibatida 900 nafar falastinlik halok bo‘lgan, ularning yarmiga yaqini ayollar va bolalar. Isroil tomonidan qurbon bo‘lganlar esa ming nafarga yetgan.
Live
Barchasi