“O‘lmas” mavzu: YeOIIga a’zolik masalasida deputatlar nima deydi?
Jamiyat
−
09 aprel 2020
7755Parlament quyi palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasining Vazirlar Mahkamasi, Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi vakillari ishtirokida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan. Unda O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan hamkorligi masalasi muhokama qilingan. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi, deputat Akmal Burhonov YeOIIga a’zo bo‘lish tadbirkorlar uchun katta imkon ekani va a’zo mamlakatlar arzon mahsulotlar eksport qilish uchun tayyor bozor ekanini ma’lum qildi.
“YeOII bilan hamkorlik qilish biz uchun qiymati 1 trillion 587 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan bozorga kirish imkonini beradi. O‘zbekiston bu bozorga o‘zining nisbatan arzon mahsulotlarini eksport qilib, katta miqyosda foyda ko‘rishi mumkin.
O‘zbekiston YeOII bilan hamkorlik qiladigan bo‘lsa, o‘z qoidalarini ittifoq standartlari bilan muvofiqlashtirib boradi va tadbirkorlarimiz uchun katta imkoniyatlar vujudga keladi.Buning natijasida, YeOII bozorini ko‘zlagan xorijiy investitsiyalar oqimi yuzaga kelishi mumkin. Zero, shu paytgacha 34 millionlik bozor uchun ishlab kelingan bo‘lsa, YeOII bilan hamkorlik o‘rnatilishi natijasida salkam 200 million kishilik bozorga hech qanday bojlarsiz kirish imkoni paydo bo‘ladi. Bu esa O‘zbekistonning investitsiyalar uchun jozibadorligini yanada oshiradi”, deydi Akmal Burxonov.
Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi, deputat Zuhra Shodiyeva ittifoqqa a’zo bo‘lishda siyosiy-iqtisodiy omillar, mehnat migratsiyasi masalasi hisobga olinishi lozimligini aytadi.
Birinchi omil O‘zbekistonning YeOIIga kiruvchi mamlakatlar bilan chegaraviy punktlarni ochish masalasi hisoblanadi. O‘zbekistonning Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan bir nechta chegaraviy punktlari mavjud bo‘lishiga qaramay, ular YeOIIga a’zo sifatida boshqa savdo rejimi asosida faoliyat olib borganligi bois, ushbu punktlarni to‘liq ochishda muayyan qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda.
Keyingi omil, O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyaga va Qozog‘istonga bo‘lgan mehnat migratsiyasi bo‘lib, O‘zbekiston ushbu masalada YeOII bilan o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda hamkorlik o‘rnatishi maqsadga muvofiq.
Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi, deputat Jahongir Mamajonov O‘zbekiston dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqa olmaydigan davlat ekani, dengizga Qozog‘iston va Rossiya orqali chiqishi qulayligi, buning uchun YeOII davlatlari bilan hisoblashishga majburligini aytdi.
Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi, deputat Feruza Nigmatovaga ko‘ra, O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasida YeOII davlatlarining ulushi 30 foizdan ortiqni tashkil qiladi. Shuningdek, Rossiya va Qozog‘iston bilan bir qator investitsion loyihalarni birgalikda amalga oshirishga kelishib olingan. YeOIIga kiruvchi boshqa mamlakatlar bilan ham hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olingan. Bu esa O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorligini yanada chuqurlashtirish, o‘zaro kelishilgan investitsion loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish imkonini beradi.
Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi, deputat Nodir Jumayev O‘zbekistonda aholining 16 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan qatlami zichligi boshqa a’zo mamlakatlarga nisbatan yuqori ekanligi sababli, mehnat migratsiyasi masalasida samarali natijalarga erishish mumkinligini aytdi.
“YeOIIga a’zo mamlakatlar mehnat migrantlari uchun litsenziya va ruxsat olish talablarini o‘zaro jiddiy yengillashtirishgan. Shu nuqtai nazardan, bugun 2-2,5 milliondan ortiq fuqarolarimiz YeOII davlatlarida mehnat qilayotganligini hisobga olsak, Ittifoq bilan hamkorlik o‘rnatiladigan bo‘lsa, fuqarolarimiz ushbu davlatlarda patent olmasdan ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar va pul jo‘natmalari hozirgi 4-5 mlrddan 7-8 mlrd. AQSH dollariga yetishi kutilmoqda”, deydi deputat.
Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi, deputat Muqaddas Tirkasheva fikricha, O‘zbekistonning YeOII bilan yaqin hamkorligi nafakat savdo-iqtisodiy, balki kompleks ekologik masalalarni yechishda ham qo‘l kelishi mumkin. Ishtirokchi mamlakatlarning tabiiy boyliklarini saqlash, qayta tiklash va ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha tajribasidan ham unumli foydalanish imkoniyatiga ega bo‘linadi.
Atrof-muhitni muhofaza qilish va unga iqtisodiy faoliyatning salbiy ta’sirini oldini olish borasida shu paytga qadar YeOII doirasida birorta ko‘p tomonlama shartnoma tuzilmagan. Ushbu masalalarga yanada keng qamrovli va muvozanatli yondashuv zarurligini hisobga olgan holda, O‘zbekiston va YeOII o‘rtasidagi hamkorlik dastlab O‘zbekiston uchun kuzatuvchi maqomini olishdan boshlanishi maqsadga muvofiq, deydi Muqaddas Tirkasheva.
Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi, deputat Dilbar Usmonova biznes yurituvchi sub’ektlarning manfaatlari nuqtai nazaridan ko‘rib chiqish lozimligini aytadi.
“Hozirda mamlakatimizdan chetga olib chiqilayotgan yuklarning 80 foizi YeOII a’zolari bo‘lmish Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston orqali tranzit tashib ketiladi, tayyor mahsulotlarimiz eksportining 50 foizi, ba’zi mahsulotlar bo‘yicha esa hatto 80 foizdan ziyodi ana shu mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shu bois, YeOII bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish O‘zbekistonning uzoq muddatli strategik maqsadlariga, xususan, o‘rta qatlam negizini tashkil qiluvchi tadbirkorlik sub’ektlarining manfaatlariga to‘liq mos tushadi”, deydi Dilbar Usmonova.
Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi, Zulayho Akramovaga ko‘ra, YeOII bilan hamkorlik natijasida xalqaro yuk hamda yo‘lovchi tashuvlari soddalashtiriladi va bu boradagi imkoniyatlar yanada kengayadi. Biroq, O‘zbekiston YeOII bilan hamkorlik o‘rnatishidan oldin tegishli infratuzilmani barpo etishi va milliy qonunchilikni YeOII doirasida qabul qilingan standartlarga moslashtirib borishi lozim bo‘ladi. Xususan, bojxona postlari infratuzilmasini tamomila qaytadan ko‘rib chiqish kerak. Buning uchun esa 1 mlrd AQSH dollariga yaqin mablag‘ talab etiladi.
Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi, deputat O‘ktamjon Islomovning aytishicha, YeOII bilan hamkorlik o‘rnatilishi O‘zbekistondagi iste’molchilarning mintaqa bozoridagi iqtisodiy raqobat natijasida nisbatan arzon va sifatli mahsulotlarni xarid qilish imkoniyatini yanada oshiradi.
Bundan tashqari, YeOII a’zo mamlakatlarida import to‘lovlarining kamayishi, transport logistika tizimining qulaylashishi natijasida O‘zbekistondan bugungi kunda ishlab chiqarishda nisbiy afzallikka ega bo‘lgan meva-sabzavot, tekstil, charm-poyabzal singari mahsulotlar eksporti hajmi oshadi.
O‘zbekistondagi monopoliya va oligopoliya toifasidagi ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchilar integratsiyalashgan raqobat muhiti natijasida korrupsiyani bartaraf qilishga, tannarxni kamaytirishga, mahsulot va xizmatlar sifatini oshirishga majbur bo‘ladi. Integratsiya natijasida ishlab chiqarishda kooperatsion aloqalar rivojlanadi. YeOIIda tovar va xizmatlarga qo‘yiladigan stantdartlar talablarining yuqoriligi hisobidan ularning sifat darajasi ham oshadi.
“Shu bilan birga, qator salbiy omillar ham borki, yetarli darajada tayyorgarlik ko‘rishimizni taqozo etadi. Xususan, YeOIIga a’zo davlatlardagi ishlab chiqaruvchilar bilan raqobatga bardoshli bo‘lmagan mahalliy ishlab chiqaruvchilar bankrot bo‘lishi mutanosib ravishda ish o‘rinlari hamda YAIM hajmining kamayishiga olib kelishi mumkin. O‘zbekistonda hali rivojlanib ulgurmagan ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish segmentlari Ittifoqning boshqa a’zo davlatlari korxonalari tomonidan egallab olinishi xavfi ham saqlanib qoladi”, deydi O‘ktamjon Islomov.
“O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorligi qator ijobiy natijalar bilan birga, ayrim ziddiyatli masalalarni ham keltirib chiqarishi mumkin. Birinchidan, import qilinuvchi mahsulotlar narxining tushishi natijasida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning bozordagi o‘rnini saqlab qolishi qiyinlashadi. Ayniqsa, monopol xususiyatga ega bo‘lgan tarmoqlarning bozordagi o‘rni xavf ostida qoladi. Shu bilan birga, YeOII doirasida umumiy bojxona tariflarining o‘rnatilishi ortidan ba’zi tovarlarning qimmatlashishi yuzaga kelishi mumkin”, deydi deputat Abdullo Aslonov.
Aslonov shuningdek, O‘zbekiston va YeOIIning yirik iqtisodiyotlari o‘rtasida ish haqi hajmi bo‘yicha sezilarli tafovutlar borligi sababli mamlakatda ishchi kuchining ommaviy tarzda xorijga ko‘chishi yuz berishi mumkinligi, bu esa, qishloq xo‘jaligi sohasida xizmat qiluvchilarga mehnatga haq to‘lashning qimmatlashuviga olib kelishi mumkinligini aytadi.
U qo‘shimcha qilib, YeOII bilan yaqin hamkorlik o‘rnatadigan bo‘linsa, boshqa tarafdan ijobiy o‘zgarishlarga olib kelishi mumkinligini aytadi. Ushbu o‘zgarishlarda milliy manfaatlarini himoya qilib, xalq farovonligi va tinchlik-xotirjamligini ta’minlash o‘ta muhim hisoblanadi.
Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, deputat Qodir Jo‘rayev YeOII bilan hamkorlikning ayrim salbiy tomonlari ham borligini aytdi. YeOIIga a’zo davlatlarning birortasiga xorijiy davlatlar yoki xalqaro tashkilotlar tomonidan sanksiyalar qo‘llaniladigan bo‘lsa, bu holat O‘zbekistonga ham ta’sir o‘tkazmasdan qolmasligini tushuntirdi.
“Hozirda YeOIIga a’zo eng asosiy mamlakat bo‘lmish Rossiya Federatsiyasining xalqaro sanksiyalar va bosim ostida qolayotganligi va kelgusida ushbu sanksiyalarning yanada kuchaytirilishi mumkinligi bizni hamisha sergak bo‘lishga da’vat etadi. Rossiya Federatsiyasi Ittifoq iqtisodiy potensialining salkam 85 foizini tashkil etuvchi mamlakat bo‘lib, kelgusida unga nisbatan sanksiyalar yanada kuchaytiriladigan bo‘lsa, bu YeOIIning boshqa a’zo va hamkor davlatlarining iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi”, deydi Qodir Jo‘rayev.
Qodir Jo‘rayev yig‘ilishda qatnashganlarga dunyoda koronavirus pandemiyasi oqibatida energiya resurslari, xususan, neft narxining tushib ketishi Rossiya Federatsiyasi rublining keskin qadrsizlanishiga olib kelganligi, bu holat Ittifoqning boshqa a’zo davlatlarining iqtisodiyotiga ham salbiy ta’sir o‘tkazayotganligini eslatdi.O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorlik qilish istiqbollarini keng qamrovli tahlillar asosida o‘rganish, bunda esa nafaqat milliy, balki nufuzli xorijiy hamda xalqaro ekspertlar va konsalting kompaniyalar bilan muhokamalar o‘tkazish talab etiladi. Shundan keyingina O‘zbekiston YeOII bilan hamkorligi qay shaklda bo‘lishi to‘g‘risida yakuniy xulosaga kelish mumkin, deydi deputat.
LiveBarchasi