Gaz ittifoqi: Rossiya bilan har qanday ittifoq manfaatlarimizga to‘g‘ri kelmaydi
Jamiyat
−
19 dekabr 2022
12389Kunlar isib, gaz va elektr tarmog‘idagi uzilishlar biroz yaxshilangach, mazkur muammoning muhokamasi ham birmuncha tingandek bo‘ldi. Biroq, qish davom etmoqda va har yili takrorlaveradi. Ya’ni, sovuq kunlar yana qaytadi va yana gaz va elektr bilan bog‘liq muammolar “suv ustiga chiqib qoladi”.
Garchi, yaqinda Geologiya va mineral resurslar Davlat qo‘mitasi vakili Erkin Nazarov O‘zbekistonda neft-gaz zaxirasi 40 yilga yetishi, qolaversa, yangi konlar aniqlanayotgani haqida gapirib chiqqan bo‘lsa-da, ko‘plab mutaxassislar, iqtisodchi ekspertlar O‘zbekistonning Enirgiya tarmog‘i jar yoqasida ekanini aytmoqda.
QALAMPIR.UZ O‘zbekistondagi elektr-energiyasi inqirozi va uning tub ildizi mavzusida iqtisodchi, Toshkent amaliy fanlar universiteti dotsenti Zokir Usmonov bilan suhbatlashdi.
Uning aytishicha, muammoning asosiy sababi davlatda muayyan bir siyosiy raqobatning yo‘qligidir. Ya’ni, ayrim aholi qatlamlarini manfaatini aks ettiradigan kuchlar ilgari surayotgan turli xil dasturlar mamlakatdagi energiya ta’minoti bilan hisoblashmasdan ishlab chiqiladi va hukumat tomonidan ma’qullaveradi.
“Muayyan tarmoqni 70% foizga oshiramiz, 3-4 barobar oshiramiz, deyilyapti. Uning energiya balansi qanday bo‘ladi? Tarmoqlararo balans, degan tushuncha bor, axir. Xo‘p, biror tarmoqni misol uchun 50-70% ga oshirdik ham deylik, lekin o‘sha tarmoqning Yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 5% bo‘lib, energiyani 50% iste’mol qilsa, bu to‘g‘rimi? Yoki bo‘lmasa muayyan bir hudud YAIM 2% bersayu energiyani 20% iste’mol qilsa, bu qay darajada to‘g‘ri bo‘ladi? Shundan keyin qanday qilib inqiroz kelib chiqmasligi kerak?” degan savolni o‘rtaga qo‘ymoqda iqtisodchi.
Iqtisodchi bu borada ilmiy, tizimli asosda rivojlanish yo‘qligi, soha bo‘yicha muhim qarorlar mutaxassislar bilan maslahatlashmay turib qabul qilinayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, ekspertdan quyidagi savollarga ham javob oldik:
“30 yildan buyon mustaqil bo‘lsakda eng og‘ir yillarda ham Toshkentda chiroq o‘chmagan. Bu [O‘zbekistonning – tahr.] nafaqat turistik balki siyosiy mavqega ta’sir ko‘rsatadi. Chunki elchixonalar va tashkilotlar bor. Biz tushunamiz lekin ular qay darajada tushunadi. Ular bizdek fikrlamaydi”, deydi Usmonov.
O‘zbekiston so‘nggi yillarda xorijiy mamlakatlar va xalqaro moliyaviy tashkilotlardan millardlab dollar qarz olgan. Osiyo taraqqiyot banki va Jahon banki shular jumlasidandir. Pullarning katta qismi energetikaga sarflanayotgani aytilsa-da, odamlar kundalik turmushida buning natijasini ko‘rayotgani yo‘q. Aksincha, poytaxt avholisi ham kunda bir necha soatlab gaz va “svet”siz o‘tirishga mahkum qilinyapti.
Ekspert bu haqda gapirarkan, olinayotgan pul va natijaga quyidagicha ta’rif berdi.
“Hozir 500 AQSH dollari olyapmizda, uning samarasi 100 AQSH dollari bo‘lyapti”.
Ma’lumki, joriy hafta avvalida Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov Turkmanistonga borib, Prezident Serdar Berdimuhamedovni O‘zbekistonga qo‘shimcha 20 mln kub metr gaz (3 oyda jami 1,5 mlrd kub metr) berishga ko‘ndirib qaytdi. Prezident Administratsiyasidan aytishlaricha, agar bu loyiha amalga oshadigan bo‘lsa, O‘zbekistonda qish kunlarida yuzaga kelgan gaz muammosi to‘liq hal qilinishi mumkin. Xo‘sh, bu haqda ekspert nima deydi? Zokir Usmnovning fikricha, buni favqulodda chora sifatida ko‘rib, vaziyatdan chiqish usuli, deyish mumkin. “Bu qisqa muddatda samarasini beradi, lekin bu yechim emas”, deydi u.
Bir necha kunlardan buyon Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Rossiya – O‘zbekiston – Qozog‘iston ishtirokida gaz ittifoqini tuzish taklifi har uchala mamlakatda diqqat markazida bo‘lib turibdi. O‘zbekistonda jamoatchilikning ko‘p qismi, faollar bunga qarshi. Usmonov ham ularning biri.
“Rossiya bilan har qanday ittifoq bizning manfaatimizga to‘g‘ri kelmaydi”, deydi ekspert.
Iqtisodchi, Toshkent amaliy fanlar universiteti dotsenti Zokir Usmonov bilan intervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi