Gaz bo‘yicha siyosiy o‘yinda kim yutadi?
Tahlil
−
21 dekabr 2022
29967
Har yil qish kelishi bilan O‘zbekiston aholisi uchun sinov davri boshlanadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bunga asosan gaz va elektr tanqisligi sabab bo‘ladi. Gaz bosimining pasayib ketishi natijasida odamlar sovuqda yashashga majbur bo‘ladi.
Bu yil ham xuddi shunday sharoitda boshlangan qishda O‘zbekiston yolg‘iz emas. Bu yilgi xalqaro geosiyosiy vaziyat gaz muammosini global hodisaga aylantirdi. Bundan ayniqsa Yevropa davlatlari ham aziyat chekmoqda. Rossiyaning Ukrainada olib borayotgan urushi oqibatida Rossiya gaziga boykot, Shimoliy oqim gaz quvurining yorilib ketishi kabi hodisalar gaz muammosini yanada jiddiylashtirdi. Rossiya gazni Yevropaga yetkazishning boshqa yo‘llarini izlashga majbur bo‘layotgan paytda AQSH ham Yevropa uchun boshqa manbalarni taklif qilayotgani quloqqa chalinmoqda. Shuningdek, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiya yangi “gaz habi”ga aylanishiga harakat qilmoqda.
Xo‘sh, gaz bo‘yicha bunday siyosiy o‘yinlarda alal-oqibat kim yutadi? Bu loyihalarning amalga oshish istiqbollari qanday? Markaziy Osiyo haqiqatan ham Yevropaga gaz yetkazib berishda yetakchiga aylanishi mumkinmi? Bugungi maqolada shu kabi savollarga javob izlashga harakat qilamiz.
Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston gaz ittifoqi
Noyabr oyining oxirida Vladimir Putin va Qosim-Jomart To‘qayev uchrashuvidan so‘ng Rossiya gazini hududlar orqali tashish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirish uchun O‘zbekiston ishtirokida “uch tomonlama gaz ittifoqi” tashkil qilish taklifi haqidagi xabarlar paydo bo‘lgan edi. Ushbu loyiha dastlabki bosqichda o‘zaro muvofiqlashtirish mexanizmni yaratishni nazarda tutadi. Bu loyiha dastlab “uch tomonlama ittifoq” sifatida tushunildi va uning gaz borasida ekanligi keyinchalik ma’lum bo‘ldi. Shu sabab ancha bahslarga ham mavzu bo‘ldi.
Xususan, O‘zbekistonda vujudga kelgan gaz va elektr taqchilligi bilan bir paytda paydo bo‘lgan bu xabarlar odamlarda savollarni uyg‘otdi. Hatto ushbu ittifoqqa qo‘shilish uchun ataylab taqchillik yaratilayotgani ham aytildi. Ammo bu gaplarni O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov rad etdi hamda elektr uzilishlarda tashqi omillar emas, balki tizim sabab ekanini baralla aytdi.
Shuningdek, Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ushbu ittifoq doirasida hech qanday siyosiy shartlar yo‘qligi haqida ham gapirdi. Bundan tashqari, Qozog‘iston energetika vaziri Bo‘lat Akchulakovning so‘zlariga ko‘ra, aslida uch tomonlama gaz ittifoqi masalasi muhokama qilinmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha muhokamalar ikkilik formatida bo‘ladi. Ya’ni Rossiya – Qozog‘iston, Qozog‘iston – O‘zbekiston formatida. Hozircha shuni aytish mumkinki, bu borada hali yakuniy qaror yoki loyiha qabul qilingani yo‘q. Muzokaralar esa davom etmoqda.
Turkiyada gaz habi
Oktyabr oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Rossiya energetika haftaligi-2022” forumida nutq qilgan paytda “Shimoliy oqim” va “Shimoliy oqim 2” o‘rniga Turkiyada yangi gaz habini tashkil qilish haqida gapirdi. Ertasi kuni Turkiya rahbari bilan uchrashuvda ushbu masala ham muhokama qilindi. O‘z navbatida, Turkiya lideri ham bu loyihani qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Bu hab orqali Rossiya va boshqa yo‘nalishlardan keladigan gazlarni Yevropaga tarqatish rejalari ham borligi aytilmoqda. Hozirda Turkiya Rossiya, Eron va Ozarbayjondan gaz import qiladi va shuningdek, gazning aksariyat qismi Yevropaga Turkiya orqali ham o‘tadi. Rossiya Turkiyaga 2021 yilda 26,3 milliard kub metr gaz yetkazib bergan va bu Turkiya gaz importining 44,9 foizini tashkil qiladi. Bu gazning bir qismi Janubi-Sharqiy Yevropaga aynan Turkiya orqali o‘tadi. Erondan yiliga 10 milliard kub metr gaz import qilinadi. Bu jami importning 16 foizini tashkil qiladi. Shuningdek, Bakudan boradigan Onado‘liorti yo‘lagi orqali Ozarbayjon gazi Italiya janubigacha yetib boradi.
Rossiya ishtirokida amalga oshiriladigan har qanday loyiha sanksiyalar ostida qolish xavfi borligi sababli riskli hisoblanadi. Ziemba Insights konsalting kompaniyasi asoschisi Reychel Zimbaning fikriga ko‘ra, Rossiya bilan Yevropa o‘rtasidagi gaz inqirozi narx borasidagi kelisha olmaslik sababli yuzaga kelganligi ortidan, Turkiyadan boradigan rus gazi uchun katta talab bo‘lmasligi va hajm oshirilmasligi mumkin. Bundan tashqari, Yevroittifoq rus gazini boshqa manbalar bilan almashtirganini hisobga olsak, ushbu qurilajak hab kelajagi qorong‘uligicha qolishini bashorat qilish mumkin.
Bundan tashqari, yangi gaz quvurlarini kim qurishi masalasi ham ochiq qolmoqda. Boltiq dengizidagi “Shimoliy oqim”dan farqli o‘laroq, Qora dengizda yangi trubalarni qurish ancha murakkab jarayon hisoblanadi. Chunki Qora dengiz chuqurroq va kattaroq. Eski quvurlar orqali esa keng hajmda gaz yetkazish imkonsiz.
Rossiya Moliya universiteti eksperti Stanislav Mitraxovich fikriga ko‘ra, Yevropada ushbu gazga qiziqish uncha yuqori bo‘lmasligi mumkin. Chunki Turkiya Yevropa janubida joylashgan, Turkiya orqali boradigan gaz asosan janubga yetkaziladi. Yevropa janubida yirik ishlab chiqarishga ega yagona davlat Italiya. Uning yonidagi davlatlar esa katta hajmda gazga ehtiyoj sezmaydi. Shunday ekan, bu gaz kim tomonidan xarid qilinishi masalasi ham ochiq. Janubdan Shimolga, masalan, Germaniyaga qarab gaz yetkazish uchun infrastruktura zarur. U hal bo‘lgan taqdirda ham Rossiya va G‘arb munosabatlari ham katta rol o‘ynashini hisobga olish kerak bo‘ladi.
“Turkiyadagi yangi hab orqali Rossiya Yevropaning bir qimida mijozlarni saqlab qolishdan umidvor”, deb hisoblaydi Mitraxovich. Shuningdek, Ukrainadagi voqealar yaxshi tomonga o‘zgaradigan bo‘lsa, bu yo‘lak orqali hatto daromad ham ko‘rish mumkin, deb hisoblaydi ekspert.
Turkiyaning rejalari qanday?
Eskpertlarning fikricha, Turkiya gaz bo‘yicha xalqaro hab bo‘lishga avvaldan harakat qilgan va buning uchun yetarli asoslarga ega: bir necha yo‘nalishda Rossiyadan gaz oladi, Ozarbayjondan ikki yo‘nalishda – Eron orqali va o‘zining siqilgan gaz terminallariga ega. Bundan tashaqari, Prezident Erdo‘g‘an dekabrda Turkmanistonga tashrif buyurib, u yerdan Kaspiy dengizi orqali Turkiyaga gaz olib borish masalasini muhokama qilishini ma’lum qilgan.
Shuningdek, o‘tgan ikki yil davomida Turkiya Qora dengizda gaz konlari topgan va ulardan gaz qazib chiqarishni boshlaydi. Mamlakatda yuqorida ta’kidlanganidek, bir qancha gaz o‘tkazgichlar mavjud. Shu bilan birga mamlakat energobalansida boshqa alternativlar ham bor: ko‘mir, qayta tiklanadigan energiya manbalari. Shuningdek, Ozodlikning 100 yilligi sharafiga 2023 yilda yangi Akkuyuda AES ochilishi ham kutilmoqda.
Turkiyaning gaz tarqatish markaziga aylanishi unga Yevrosiyo gaz o‘tgazchilari ustidan nazorat o‘rnatishga va narxlarni Turkiyada belgilashga imkon berishi mumkin. Buning uchun esa, nafaqat Rossiyadan, balki boshqa hududlardan ham gaz olib kelish kerak bo‘ladi. Aytish mumkinki, Turkiya Prezidentining Turkmanistonga safaridan murod ham shundan iborat.
Turkman gazidan umid qilsa bo‘ladimi?
Bir hafta oltin Turkmaniston o‘zbekistonliklar uchun najot kemasiga aylandi. Aynan Turkmaniston bilan erishilgan kelishuvga ko‘ra, O‘zbekistondagi gazga bo‘lgan ehtiyoj qoplanishi uchun kelasi uch oy davomida jami 1,5 milliard kub metr gaz yetkazib beriladi. Turkmaniston mintaqada gazga boy davlatlardan biri hisoblanadi. Uning gaz zaxiralari 14 trillion kub metr deb baholanadi. Yiliga esa 83 milliard kub metr gaz qazib chiqariladi. Rossiya bilan solishtirganda, bu juda kichik raqam. Rossiya yiliga 700 milliard kub metr gaz qazib chiqaradi.
Hozirda AQSH turkman gazini Yevropaga yetkazish borasida takliflarni ilgari surmoqda. Ammo buning uchun yetarli infratuzilma yaratish qimmatga tushishi mumkin. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqiga Turkmanistondan gaz eksportiga Rossiya, Xitoy va Eron qarshilik qiladi. Ammo ushbu g‘oyani amalga oshirish mumkin, deb hisoblaydi MDU eksperti Aleksandr Kudrin. Lekin buning uchun yetarli investitsiya va 3-4 yil vaqt talab etiladi. Bundan tashqari, Kaspiy dengizi orqali turkman gazini Ozarbayjonga va u yerdan Turkiyaga, nihoyat Yevropaga uzatish uchun Ozarbayjondan ketgan gaz o‘tkazgichlarni kengaytirish talab etiladi. Bu esa ancha qimmat loyiha. Bundan tashqari, yuqorida aytganimizdek, Turkmaniston qazib chiqarayotgan gazning uchdan ikki qismini tashib ketayotgan Xitoy, o‘z gazini eksport qilishni istayotgan Eron va Rossiya bunga qarshilik qilishi turgan gap. Shunday ekan, Turkmanistondan Yevropa Ittifoqiga gaz eksport qilish loyihasi ham mavhum loyihalardan biri bo‘lib qoladi.
Xulosa o‘rnida
Xulosa o‘laroq maqolamiz sarlavhasiga qaytsak. Xo‘sh, Markaziy Osiyo davlatlari Yevropa Ittifoqi uchun yangi gaz manbasi bo‘la oladimi? Bizningcha, yo‘q. Chunki Yevropadan uzoqda joylashgan Markaziy Osiyo davlatlari, Turkmaniston va O‘zbekistondan gaz olib ketish juda katta investitsion loyihalarni talab qiladi. Bundan tashqari, Turkmaniston gazining uchdan ikki qismi Xitoyga, O‘zbekiston gazining esa maxfiy shartnomalar asosida Rossiyaga eksport qilinayotgani fonida, hududga yangi mijozning kirib kelishi mavjud geosiyosiy vaziyatda imkonsiz hisoblanadi.
Turkiyada tashkil qilish rejalangan gaz markazining kelajagi borasida biror bashorat qilishga erta, garchi nazariy jihatdan bu ish amalga oshishiga ishonayotganlar bo‘lsa ham. Bizningcha, hammasi G‘arb va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar kelajagiga bog‘liqligicha qoladi.
Jahongir Ostonov
LiveBarchasi