G‘arbning bosimi ostida qolgan Belarus nega harbiy salohiyatga jiddiy e’tibor qaratmoqda?

Olam

image

Minskka qarshi qaratilgan tashqi iqtisodiy tajovuz uni mudofaa qobiliyatini kuchaytirishga majbur qilmoqda. Bu haqda Belarus Bosh vaziri Roman Golovchenko bugun, 23 iyun kuni Minskda “Milex” xalqaro qurol-yarog‘ ko‘rgazmasining ochilishida aytib o‘tdi.

“Dunyoda yuzaga kelgan qiyin vaziyat va navbatdagi iqtisodiy tajovuzkor harakatlar mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga e’tibor qaratishga majbur qilmoqda”, deydi Golovchenko.

Qayd etish kerakki, mamlakat Bosh vaziri tashqi iqtisodiy tajovuz, deganda G‘arb tomonidan Belarusga nisbatan qo‘llanilayotgan sanksiyalarni nazarda tutgan. 

Bosh vazir Belarus sovet harbiy-sanoat majmuasining merosini belaruslik ishlab chiqaruvchilarning mashaqqatli mehnati, iste’dodi tufayli saqlab qolganini ta’kidlagan.

“Davlatning texnologik xavfsizligi, ayniqsa mudofaa qobiliyati kabi sohalarda, shubhasiz, nihoyatda dolzarbdir. Bu, hatto, davlat suverenitetining bir qismidir. Texnologik mustaqillikni ta’minlash, import o‘rnini bosish va strategik ittifoqchilarimiz bilan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish harbiy-texnik sohadagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanmoqda”, deya ta’kidladi Golovchenko.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Belarus mudofaa-sanoat majmuasi davlatning eng muhim vazifalarini hal qiladigan iqtisodiyotning innovatsion sohasidir. Golovchenkoning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Belarus harbiy texnikasi va qurollari nafaqat mamlakat yoki uning ittifoqchilari, balki dunyoning turli mintaqalaridagi mamlakatlarning mudofaasi va xavfsizligini himoya qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar vazirlari darajasidagi kengashi 21 iyun kuni Belarus iqtisodiyotining yettita sohasiga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni joriy etish to‘g‘risida kelishuvga erishdi. Qayd etish kerakki, Yevropaning Belarusga qarshi sanksiyalari to‘rtinchi to‘plami mamlakatning 86 jismoniy va yuridik shaxslariga qaratilgan. 

Ushbu sanksiyalar to‘plami 2021 yilning boshida tayyorlangan. Biroq Ryanair samolyotining Minsk aeroportiga majburiy tarzda qo‘ndirilgani va muxolif bloger Roman Protasevichning Belarus maxsus xizmatlari tomonidan hibsga olingani sanksiyalar to‘plamining amaliyotga tadbiq qilinishini tezlashtirib yubordi.

Ma’lumot o‘rnida, “Global Firepower” indeksiga ko‘ra, Belarus harbiy salohiyati dunyo davlatlari ichida 50-o‘rinda qayd etilgan. Undan bir pog‘ona pastda, ya’ni 51-o‘rinda O‘zbekiston bormoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

72

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing