G‘arb Isroilni “oq qildi?”
Tahlil
−
22 may
72581933-1945 yillar oralig‘ida Gitler Germaniyasi yahudiylarga qarshi xolokost nomi bilan tarixda qolgan qirg‘in kompaniyasini olib borgandi. Tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, shu 12 yil ichida jami 6 million yahudiy Gitler genotsidining qurboniga aylangan. Aynan shu qirg‘in keyinchalik yahudiylarni o‘z davlatiga ega bo‘lmagan millatlar safidan chiqishida muhim rol o‘ynadi.
Ikkinchi jahon urushi tugashidan 3 yil o‘tib, 1948 yilda Britaniyaning Falastin yerlari ustidan ancha yillar oldin qo‘lga kiritgan mandati yakunlandi. Shu yili mazkur yerlarda Isroil nomli davlat tuzilgani e’lon qilindi. Yahudiylarning o‘z davlatiga ega bo‘lishi ularning uzoq yillik zulmni boshdan kechirgani va dunyo hamjamiyati ayniqsa Yevropadagi siyosiy elitalarning ushbu millatga nisbatan achinish hissi ortidan sodir bo‘ldi, deyish mumkin. Qizig‘i, keyinchalik ham G‘arb siyosiy doiralarining Isroilga bo‘lgan mehr-muruvvati davom etdi. Bu qo‘llovning tagida xolokost dahshatlari va antisemitizm nomli bo‘rttirilgan qarashga qarshi kurash kayfiyati yotardi. Isroil tuzilganidan so‘ng, rasmiy Tel-Aviv bir necha bor mintaqadagi arab davlatlari bilan qurolli to‘qnashuvlar olib bordi. Uzoq yillar davomida bu mojarolar Isroilning o‘zini himoya qilish huquqi sifatida talqin qilindi. Yahudiy davlati bu borada qaysidir ma’noda o‘zini himoya qilgandir, ammo bu himoya qo‘shni mamlakatlarning yerini, ayniqsa, Falastin hududlarini bosib olish bilan parallel tarzda olib borildi. Suriyadan tortib olingan Jo‘lon tepaliklari, 1948, 1967 yillar va undan keyin ham qisqarishda davom etgan Falastin yerlari buning yorqin misolidir.
Antisemitizm, xolokost va yahudiylarga tegishli moliyaviy aktivlar deysizmi, xullas, iqtisodiy qudrat ortidan dunyo davlatlaridagi hukumatlarda mavjud bo‘lgan lobbilar va achinish hissi Isroilning 80 yil davomida falastinliklarni aparteid zulmida ushlab turishiga qarshi bo‘lgan rasmiy ovozlarni o‘chirib keldi. Isroilga bu tarzda “yashil chiroq” yoqilishi G‘azoda sodir bo‘lgan zamonaviy tarixdagi eng dahshatli voqeliklar davomida ham saqlanib qoldi. Shifoxonalar, maktablar, hech qanday xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lmagan qochqinlar lagerlari, tug‘ilganiga bir necha kun bo‘lgan go‘daklardan tortib, 2,3,4,5 yoshli bolalar, ayollar va qariyalarning bombalar ostida parchalanishi. Bu butun dunyo ko‘z o‘ngida o‘zini himoya qilish huquqi niqob qilingan holda salkam 600 kundan buyon uzluksiz davom etayotgan vahshiyliklarning faqatgina bir qismi, xolos.
Netanyaxu rejimi tomonidan G‘azo sektorida 2023 yil oktyabr oyidan to bugungacha qilib kelingan qirg‘inlarni bir joyga jamlash va bittalab sanash allaqachon o‘ta murakkab yumushga aylangan. Buni o‘tgan yili Janubiy Afrikalik advokatlar va huquqshunoslar o‘z boshidan o‘tkazdi. Ular tomonidan to‘langan 4000 sahifadan ortiq Isroilning G‘azodagi qirg‘inlariga oid hujjatlar ko‘pchilikning esida bo‘lsa kerak. Ammo ko‘p sonli mamlakatlarning e’tirozlari ham, Xalqaro jinoiy sudning Netanyaxuni hibsga olish orderi ham Isroil vahshiyliklariga chek qo‘ya olmadi. Hammasi uning asosiy hamkorlari-yu yaqin ittifoqchilari tomonidan bosim o‘tkazilishiga bog‘liq edi.
2025 yil may oyi oxirida mana shunday qadamlar nihoyat tashlanyapti. Isroilning o‘zini himoya qilish niqobi ostida qilgan jinoyatlarini xaspo‘shlab kelgan G‘arbdagi yaqin sheriklari endi undan birin-ketin qo‘lini tortmoqda. G‘azodagi 2 million atrofidagi aholi ustidan ochiq konslager qurgan Isroilning so‘nggi paytlardagi harakatlari hammasidan oshib tushdi. Yevropa liderlari Falastinni tan olish va hatto Isroil bilan savdo aloqalarini to‘xtatish, jumladan unga qurol yetkazib berishga chek qo‘yish masalasini kun tartibiga qo‘ydi. Nihoyat G‘azodagi g‘ayriinsoniy qilmishlar aks-sado bera boshladi. Salkam bir asr davomida xalokost ta’siri va antisemitizmni ro‘kach qilish orqali jabrdiyda rolini mukammal o‘ynab kelgan Isroil Netanyaxu davrida kutilmagan muammoga duch keldi. Bu Isroilning qo‘rqinchli tushi bo‘lmoqda. Xalokostdan so‘ng tomchilab topilgan e’tibor Netanyaxu va uning fashistik ruhdagi ma’muriyati tomonidan 1 yarim yil ichida G‘azoda chelaklab to‘kib yuborildi.
Isroilga qarshi Fransiya-Britaniya-Kanada uchburchagi
Isroil G‘azoga joriy yil mart oyidan boshlab gumanitar yordam kirishini blokladi. Bu degani 80 kun davomida gumanitar inqiroz o‘z cho‘qqisiga chiqqan va ijtimoiy ne’mat ishlab chiqarish deyarli o‘lgan sektorga hech qanday insonparvarlik yordami kiritilmadi. Bu to‘siq ochlik tufayli 2 milliondan ortiq falastinlik hayotiga tahdid solayotgani haqida ogohlantirildi. Qariyb uch oy davomida birorta bug‘doy doni ham kirishiga ruxsat berilmagan G‘azoda har hafta go‘daklarning ochlik va tashnalikdan o‘layotgani haqida tinimsiz xabarlar chiqdi. G‘azo aholisining minimal hayotiy ehtiyojlarini qondirish uchun esa kuniga 500 ga yaqin yordam ortilgan yuk mashinasi va yonilg‘i uchun kamida 50 ta yuk mashinasi lozim edi.
Boz ustiga, Isroil 16 may kuni G‘azo sektorining shimoli va janubida “Gideon aravalari” nomli yangi bosqin kompaniyasini boshlab yubordi. Biroq SAXAL doimgidek bu hujumlar HAMAS harakati ob’ektlarini yo‘q qilish maqsadida qilinayotganini bahona qildi. Ammo G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligining xabar berishicha, o‘tgan hafta davomida Isroil hujumlari oqibatida 464 nafar falastinlik o‘ldirilgan, so‘nggi hujumlar oqibatida esa kamida 130 kishi qurbon bo‘lgan.
Gumanitar yordamni to‘sish va sektorda yana qaytadan olovlangan qirg‘inlar oxir-oqibat Yevropadagi qudratli hukumatlarni bezovta qildi. Endilikda ko‘plab qit’a davlatlari Tel-Avivni qo‘llashdan masofa saqlash harakatida. G‘arbdagi liberalizm va demokratik modelga G‘azodagi qatliomlar fonida ishonchsizlik ortgan bir paytda mazkur qaror ayni muddao bo‘ldi. AQSH va Yevropa bu harakatlarni to‘xtatishda Isroilga bosim o‘tkazdi. Eng qizig‘i, bu Tramp va uch arab davlati o‘rtasida rekord darajadagi investitsion bitimlar imzolanganidan so‘ng sodir bo‘ldi. Shundan so‘ng, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azo sektoriga oziq-ovqat mahsulotlari kiritilishiga ruxsat berdi. Isroildagi qator manbalar hukumat yig‘ilishida Netanyaxu bu qaror AQSH tomonidan qilingan bosim sabab qabul qilinganini tan olgani haqida xabar berdi. Shuningdek, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning Falastinni bir tomonlama tan oluvchi davlatlar koalitsiyasiga yetakchilik qilish harakati ham yahudiy davlatining yon berishida muhim rol o‘ynagan.
Albatta, Makron boshchiligidagi hali shakllanib ulgurmagan koalitsiya safiga qo‘shilgan Buyuk Britaniya va Kanadaning jiddiy ogohlantirishi Isroilni bir zum o‘zini tiyishga majbur qildi deyish mumkin. Chunki Isroil “Gideon aravalari” nomli yangi harbiy bosqinni boshlash e’loni va Netanyaxuning G‘azo sektorini to‘liq nazoratga olish niyati ma’lum bo‘lgach, Buyuk Britaniya hukumati Tel-Avivni qat’iy choralar, jumladan sanksiyalar qo‘llash bilan ogohlantirdi. London, shuningdek, G‘arbiy Sohilda yahudiy manzilgohlarining kengayishiga mutlaqo qarshi ekanini ma’lum qildi.
Isroilga qarshi asosli tarzda qat’iy pozitsiyani egallagan davlatlar hozircha Buyuk Britaniya va Fransiya bo‘lmoqda. Biroz avval Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi London Isroil bilan savdo muzokaralarini to‘xtatganini ma’lum qildi. Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, “G‘arbiy Sohil va G‘azoda g‘ayritabiiy siyosat yuritayotgan” Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning hukumati bilan kelishuv bo‘yicha muzokaralarni ilgari surib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, Buyuk Britaniya G‘azo sektoridagi bosqin va G‘arbiy Sohilda falastinliklarga qarshi zo‘ravonlik holatlari yuzasidan tegishli sub’ektlarga sanksiyalar kiritdi. Jumladan, Devid Lemmi falastinliklarga qilingan zo‘ravonliklarda ishtirok etgan uch shaxs va to‘rt tashkilotga nisbatan sanksiyalar joriy etilganini e’lon qildi. Ammo bu yahudiy davlatiga ingliz hukumati tomonidan qo‘llangan so‘nggi chora emas. Chunki bu bilan birga, Isroilning Londondagi elchisi Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron esa juda katta masshtabdagi harakatlarni amalga oshiryapti. U joriy yil iyun oyida Nyu-Yorkda Saudiya bilan birgalikda BMT homiyligida Falastinni tan olish bo‘yicha anjuman tashkil qilmoqchi. Bir necha kundan so‘ng tashlanishi kutilayotgan ushbu tarixiy siyosiy qadam ortidan Buyuk Britaniya va Kanada ham ergashyapti. Diplomatik manbalar ushbu uch davlat nihoyat yaqin fursatlarda Falastinni tan olishga yaqin ekani haqida xabar berdi. Mazkur qaror haqida Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi aprel oyining oxirlaridayoq ma’lum qildi. U Parij va London bu borada jiddiy muloqot olib borayotganini ochiqlagandi.
Yevropa Ittifoqidan signal
Britaniyaning Isroil bilan savdo muzokaralarini to‘xtatish haqidagi qarori bilan deyarli bir vaqtda, aniqrog‘i, 20 may kuni YeIga a’zo 27 davlatning 17 tasi ham xuddi shunday yondashuvni ko‘rib chiqishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi. Ular bu borada may oyi boshida Niderlandiya Tashqi ishlar vaziri Kaspar Veldkamp tomonidan ilgari surilgan harakatni qo‘llab-quvvatladi. Ya’ni Yevropa Ittifoqi ijroiya organi ikki o‘rtadagi assotsiatsiya shartnomasining 2-moddasi bo‘yicha inson huquqlari borasida Isroil o‘z majburiyatlarini buzganligini aniqlash uchun tekshiruv boshlaydi. Bu esa ikki tomonning savdo va diplomatik munosabatlarini belgilaydigan keng ko‘lamli pakt hisoblanadi.
2-moddada yozilishicha, munosabatlar inson huquqlari va demokratik tamoyillarni hurmat qilishga asoslanadi, “bu ularning ichki va xalqaro siyosatini belgilaydi va ushbu shartnomaning muhim elementini tashkil qiladi”.
Aslida bu taklif bundan 1,5 oy muqaddam Irlandiya va Ispaniya tomonidan taklif qilingan. Ammo Dublin va Madrid o‘shanda hech bir Yevropa Ittifoqi davlatining qo‘llab-quvvatlashiga erisha olmagan. Faqat bugungi kunga kelibgina ko‘hna qit’adagi hukumatlarning “ko‘zi ochildi”. Bu safar Isroilning eng yaqin hamkorlaridan biri Niderlandiya tomonidan Isroil “gumanitar blokadasi”ga qarshi 2-moddani buzgani tufayli unga qarshi chora qo‘llash taklifi o‘rtaga tashlanganidan so‘ng mazkur harakat yana jonlandi.
To‘qqiz a’zo davlat – Belgiya, Finlyandiya, Fransiya, Irlandiya, Lyuksemburg, Portugaliya, Sloveniya, Ispaniya va Shvetsiya – 20 may kungi Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishidan oldin Niderlandiya taklifini ochiq qo‘llab-quvvatladi. Diplomatik manbalarga ko‘ra, 20 may kuni Daniya, Estoniya, Malta, Polsha, Ruminiya va Slovakiya ham ko‘rib chiqishni qo‘llab-quvvatlagan. Shu payt hatto Isroilning ashaddiy tarafdori bo‘lgan Avstriya ham bu tashabbusga hech qanday qarshilik bildirmagan. Eng e’tiborga molik jihat shundaki, yaqindagina Isroil rasmiylari bilan uchrashuvda Tel-Aviv YeIning yaqin hamkori degani tufayli Yevroparlamentda boshi baloga qolgan Ittifoqning bosh diplomati Kaya Kallas ham Isroilning cheklangan miqdordagi yuk mashinalarining anklavga kirishiga ruxsat berish qarorini tanqid qilib, buni "okean tomchisi"ga taqqosladi.
Tramp Netanyaxuni “ishdan oldimi?”
Isroil cheklangan miqdorda bo‘lsa ham G‘azoga insonparvarlik yordami kirishiga ruxsat bergani ortida asosan Tramp va Makron effekti borligi ko‘p bor ta’kidlandi. Gap shundaki, bu bosim AQSH Prezidenti tomonidan Yaqin Sharq monarxiyalariga tashrifidan bir zum o‘tib qilindi.
Donald Tramp AQSHga qaytgach, “Fox News”ga bergan intervyusida arab yetakchilaridan biri unga G‘azoda insonlar ochlikdan azoblanayotgani va zudlik bilan ularga yordam berishni iltimos qilgani haqida so‘z ochdi. Tramp intervyuda bu borada zudlik bilan ish boshlaganini ma’lum qilgandi. Oradan ko‘p o‘tmay Isroil bunga majbur qilindi. Yordam ortilgan o‘nlab mashinalar G‘azoga kirdi.
“Axios” portaliga ko‘ra, Tramp G‘azodagi bolalarning suratlarini ko‘rib, qattiq g‘azablangan. Shu bois AQSH rahbari Yaqin Sharq bo‘yicha maslahatchisi Stiv Uitkoffni shoshirmoqda. Portalning Isroildagi manbalari esa ular Tramp bosimini unchalik sezmayotganini bildirgan. Biroq Vashington va Tel-Aviv o‘rtasida yaxshigina jarlik yuzaga kelgan. Chunki endilikda bir tomonda qirg‘inni to‘xtatishga harakat qilayotgan Prezident, boshqa tomonda esa genotsidni yanada kengaytirmoqchi bo‘lgan Bosh vazir turibdi.
Ammo “Axios” Trampning ayni damdagi cheklangan bosimi ortida boshqa maqsad yotganiga e’tibor qaratyapti. Portal AQSH Prezidenti yaqindagina 3 ta arab davlati bilan tuzilgan o‘ta manfaatli va bir necha trillion dollarlik investitsion kelishuvlar ortga qarab ketmasligi uchun G‘azo masalasida Netanyaxuni yon berishga majbur qilganini o‘rtaga chiqardi.
Isroil reaksiyasi
Isroil rasmiylari Yevropa liderlariga ham, AQSHga ham zudlik bilan javob qaytarishga ulgurdi. Xususan, Tashqi ishlar vazirligi dastlab Britaniya bilan savdo muzokaralarida muvaffaqiyatga erishmayotganini aytib, London tomonidan kiritilgan sanksiyalarni “sirli” va “asossiz” deb atadi. Shuningdek, ular tashqi bosim Isroilni o‘z yo‘lidan qaytishga majburlamasligini ham qo‘shimcha qilgan.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Oren Marmorshteyn Yevropa Ittifoqi bosh diplomati Kaya Kallasga ham javob berdi. U o‘zining X platformasidagi sahifasida Yevropa Ittifoqining Isroil bilan aloqalarini qayta ko‘rib chiqish qarorini asossiz deb yozdi. Marmorshteynning ta’kidlashicha, Isroil go‘yoki HAMAS bilan urushda “mudofaa” holatida.
Shuningdek, u Isroil muammoni hal qilish uchun YeI vakillari va unga a’zo davlatlar bilan muzokaraga ochiqligini ta’kidladi. Shuni ta’kidlash joizki, YeI Isroilning eng yirik savdo sherigi bo‘lib, ikki o‘rtadagi savdo aloqalari yiliga 45 milliard yevrodan oshadi.
LiveBarchasi