G‘arb davlatlari yana Afg‘onistonga qo‘shin yubormoqda. Nega?

Olam

image

Kanada, Buyuk Britaniya va AQSH hukumati Afg‘onistondagi diplomatlarini evakuatsiya qilishda ularning xavfsizligini ta’minlash uchun Qobulga maxsus kuchlar yuboradi. Bu haqda “Interfax” nashri ma’lum qildi

Qayd etilishicha, AQSH yaqin 48 soat ichida Afg‘onistonga 3 mingga yaqin harbiylarni yuboradi. Qo‘shimcha harbiy kuchlarini esa Qobul xalqaro aeroportiga vaqtincha joylashtiradi. 

Shuningdek, Buyuk Britaniya ham o‘zining 600 ga yaqin ingliz askarlarini Qobuldagi elchixonasini himoya qilish uchun yubormoqchi. Ular moddiy va texnik jihatdan Afg‘onistonga yordam ko‘rsatadi.

Shu o‘rinda Kanada hukumati ham Qobulga maxsus kuchlar bo‘linmasini yubormoqchi. Ular Kanada elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilish paytida xavfsizlikni ta’minlaydi.

Qayd etilishicha, Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va Mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan telefon orqali muloqot qilgan. AQSH vakillari “Tolibon” hujumi vaqtida Afg‘onistonga yordam berishni ma’lum qilgan. 

O‘z navbatida, Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Xosep Borrel ham Afg‘onistondagi mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal qilishga chaqirgan.

Pokiston Bosh vaziri Imron Xonning so‘zlariga ko‘ra, hozir mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal qilish nihoyatda qiyin. Chunki “Tolibon” harakati rahbarlari Ashraf G‘ani prezidentlik lavozimida ekan, Afg‘oniston hukumati bilan muzokara olib borish niyatida emasligini ta’kidlagan.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

520

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing