“Gangsta's Paradise” qo‘shig‘i bilan tanilgan “Coolio” vafot etdi

Madaniyat-san’at

image

Kecha, 28 sentyabr kuni “Gangsta's Paradise” taronasi bilan tanilgan xonanda va reper Coolio (asl ismi Artis Leon Ayvi Junior) 59 yoshida vafot etdi. Bu haqda TMZ nashri xabar bermoqda.

Uning uzoq yillik menejeri Jarezning ma’lum qilishicha, Coolio vafot etganida Los-Anjeles shahridagi do‘stining uyida mehmonda bo‘lgan. U yuvinish xonasiga ketib, uzoq vaqt davomida qaytmagan. Shundan so‘ng, do‘sti xonandadan xabar olmoqchi bo‘lgan vaqtida uni yerda, xushsiz holda yotganini ko‘rgan. Tez tibbiy yordam xodimlari yetib kelgach, xonandaning joni uzilganini qayd etgan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, voqea joyida jinoyat alomatlari topilmagan.

Haqiqiy ismi Artis Leon Ayvi Junior bo‘lgan Coolio 1961 yilning 1 avgust kuni AQSHning Pensilvaniya shtatida tug‘ilgan. U o‘z ijodiy faoliyatini 1987 yildan boshlagan, 1995 yilda u xonanda L.V. bilan duet tarzida kuylagan “Gangsta's Paradise” nomli tarona unga katta omad keltirgan bo‘lib, ana shu yili bu qo‘shiq AQSH va Yevropaning 10 dan ziyod mamlakatlaridagi Xit-paradlarda 1-o‘ringa chiqqan. 1996 yilda xonanda ushbu tarona uchun “Gremmi” mukofotiga sazovor bo‘lgan. Bugungi kunda YouTube'da ushbu qo‘shiq uchun ishlangan klip 1 milliard marotaba ko‘rilgan.

Xonandaning o‘limi sabab Amerikalik mashhur reperlar Snoop Dogg va Ice Cube ijtimoiy tarmoqlar orqali ta’ziya bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

188

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing