Galina Saidova ham yangi lavozimga o‘tdi
Jamiyat
−
30 iyul 11993 2 daqiqa
Bugun, 30 iyul kuni O‘zbekiston Prezidentining farmoni bilan Galina Karimovna Saidova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Saidova yangi ishga o‘tishi munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgan.
Ma’lumot uchun, Galina Karimovna Saidova 1956 yilda Samarqandda tug‘ilgan. U Samarqand Kooperativ institutini tamomlab, iqtisod fanlari doktori, professor darajasiga erishgan. 1987–1991 yillarda O‘zbekiston SSR Davlat rejalashtirish qo‘mitasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlagan. 2003–2006 yillarda Iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan. 2008–2010 yillarda esa Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqot markazi direktori bo‘lgan. 2010–2011 yillarda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri, 2011–2017 yillarda O‘zbekiston iqtisodiyot vaziri sifatida faoliyat ko‘rsatgan va iqtisodiy islohotlarni, investitsiya siyosatini hamda liberallashtirish jarayonlarini boshqargan. 2017 yildan boshlab Prezidentning ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha davlat maslahatchisi yordamchisi lavozimida ishlagan. 2021 yil sentyabridan “O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv kengashi a’zosi bo‘lgan, 2024 yil mart oyidan esa ushbu kengash raisi etib tayinlangan. Galina Saidova iqtisodiy islohotlar, investitsiyalar va inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha yirik strategik loyihalarda faol ishtirok etgan va O‘zbekistonning iqtisodiy siyosatini shakllantirishda muhim rol o‘ynagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Po‘lat Razzaqovich Bobojonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kadrlar bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi