Gagarin haykali oldida ham ruxsatsiz ta’mirlash boshlandi. Ish boshida yana “Mimar Group”
Jamiyat
−
16 fevral 2022
6512Toshkentda yana bir madaniy meros ob’ekti hududida buz-buz ishlari boshlandi. QALAMPIR.UZ’ga yetib kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, Chilonzor tumanidagi Yuriy Gagarin haykali atrofidagi bruschatkalar ko‘chirilyapti.
Manbamizga ko‘ra, loyiha boshida Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga aloqador ekani taxmin qilinadigan “Mimar Group” MCHJ turibdi.
Rejadagi ishlarga ko‘ra, haykal atrofi obodonlashtiriladi. Loyiha suratlariga qaraganda, haykal yonidagi katta daraxtlar ham kesiladi, shuningdek, haykal joylashgan ko‘chadagi piyodalar yo‘lagi plitalari ham o‘zgartiriladi. Bu o‘zgarishlar yaxshi, agarda qonuniy bo‘lsa...
Davlat mulki hisoblanuvchi va 1962 yilda qurilgan Gagarin haykali O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi 846-sonli “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ekti sifatida e’tirof etilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 martdagi 265-sonli qarorining 5-ilovasi bilan Madaniy meros agentligi qoshida Ilmiy-ekspert kengashi 6-ilovasi bilan Ilmiy-ekspert kengash nizomi tasdiqlangan bo‘lib, Nizomiga ko‘ra moddiy-madaniy meros ob’ektlarida olib borilishi ko‘zda tutilgan barcha qurilish, ta’mirlash, restavratsiya ishlariga ushbu Kengash xulosasiga asosan ruxsatnoma berilgandan so‘ng amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.
Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi qonunning 10-moddasida:
- moddiy madaniy meros ob’ektlari joylashgan yerlarda hamda ularga tutash hududlarda yer qazish, yer tuzish, qurilish, melioratsiya, xo‘jalik ishlari va boshqa ishlarni, moddiy-madaniy meros ob’ektlarini asrash bo‘yicha ishlarni amalga oshirish, shuningdek, moddiy-madaniy meros ob’ektlarida ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar o‘tkazish uchun ruxsatnomalar berish – belgilab qo‘yilgan.
Biz "Mimar Group" MCHJ loyihani tasdiqlatgan yoki tasdiqlatmaganini bilish uchun agentlik bilan bog‘landik. Agentlik vakili MCHJ loyihani vakolatli idora Ilmiy kengashi tasdig‘idan o‘tkazmaganini ma’lum qildi. (!) Yana o‘sha ahvol. Avval buziladi, hamma ish qilib bo‘linadi. Keyin otangga bor, onangga bor. Agar shu ishni oddiy fuqaro qilsa bormi, ko‘ring tomoshani. Kimdir avval hujjatlarni rasmiylashtirmay turib, qurilish qilsa, hokimlik o‘sha qurilishning ustiga buldozer tortadi. Kunmi, tunmi, farqi yo‘q. Lekin hokimlikka kelganda hech kim miq etmay, nima bo‘lishini kutishi kerak.
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi Kosmonavtlar maydoni Vladimir Jonibekov haykali oldidagi granit plitalar buzib tashlanayotgani haqida e’tirozli xabarlar tarqalgani, qurilish Toshkent shahar madaniy meros boshqarmasi tomonining ruxsatisiz boshlangani, shu bois “MIMAR GROUP” MCHJga ogohlantirish xati berilgani haqida xabar bergan edik.
Munozalarga sabab bo‘lgan holat bo‘yicha kecha, 15 fevral kuni Toshkent shahar hokimligi Kosmonavtlar maydonida boshlangan ta’mirlash ishlari haqida ma’lumot berdi. Ammo, hokimlik bu ta’mirlash ishlarining nima sababdan o‘zboshimchalik bilan boshlangani haqida lom-mim demadi.
Keyinroq Yakkasaroy tumani hokimi madaniy meros ob’ektida ishlarni boshlab yuborgandan keyin qonuniy ruxsat olish harakati boshlanganini tushunmovchilik deb izohlab qo‘ya qolgan.
Katta bahs-munozaralarni keltirib chiqargan ushbu holatni o‘rganish maqsadida Bosh vazir Abdulla Aripov, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov va poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ham Kosmonavtlar maydoniga yetib borgan. Shunda ma’lum bo‘ldiki, loyiha byudjet mablag‘idan emas, AKFA kompaniyasi tomonidan moliyalashtirilgan. Endi navbatdagi masala kun tartibiga chiqdi: AKFA kompaniyasining bu hotamtoyligi ortida nima turibdi.
LiveBarchasi