G7 yetakchilari Trampni Eron urushini tezroq tugatishga chaqirdi
Olam
−
21:33 1317 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yil 11 mart kuni bo‘lib o‘tgan onlayn uchrashuvda G7 yetakchilariga Eron “taslim bo‘lish arafasida” ekanini aytdi. Bu haqda “Katta yettilik” mamlakatlarining uch nafar mulozimiga tayanib, “Axios” xabar berdi.
Muloqot chog‘ida Oq uy rahbari “archaga tahdid solayotgan saraton o‘simtasi”dan qutulganini aytgan.
“Hozirda Eronning rahbari kimligini hech kim bilmaydi, shuning uchun taslim bo‘lganini e’lon qiladigan odamning o‘zi yo‘q”, deydi u.
Nashr manbalariga ko‘ra, G7 yetakchilari Trampni urushni imkon qadar tezroq to‘xtatishga chaqirib, Hormuz bo‘g‘ozi xavfsizligini ta’minlash zarurligini alohida qayd etgan. Tramp bunga javoban bo‘g‘ozdagi vaziyat yaxshilanayotgani va tez orada tijorat kemalari qatnovi tiklanishini aytgan. Biroq o‘sha tunda Eron qirg‘oqlari yaqinida kamida ikkita tanker hujumga uchragan.
Bundan tashqari, Tramp Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmerga Vashington Eronga zarba berish uchun Londonning harbiy bazalariga ehtiyoj sezmayotganini bildirgan. Urush boshlanishidan avval Britaniya ruxsat bermagan, biroq keyinchalik Starmer o‘z qarorini o‘zgartirgan edi.
“Buni urushdan oldin taklif qilish kerak edi. Endi juda kech”, deydi Tramp.
Ma’lumot uchun, Yaqin Sharqdagi eskalatsiyadan so‘ng Eron Hormuz bo‘g‘ozi orqali savdo to‘xtatilganini e’lon qildi. 4 mart kuni Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bo‘g‘ozni to‘liq nazorat qilayotganini ma’lum qildi. Dunyo neftining 15–20 foizi va suyultirilgan gazning 30 foizdan ortig‘i aynan shu yo‘l orqali o‘tadi. Kema qatnovining to‘xtashi energiya resurslari narxining sakrashiga va global oziq-ovqat inqirozi xavfiga sabab bo‘lmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH harbiy kuchlari Eronning Fors ko‘rfazidagi Xarg oroliga keng ko‘lamli zarbalar bergani haqida xabar qilingan edi.