G7 Ukrainaga nimalar bermoqchiligi aytildi
Olam
−
12 iyul 2023
5445G7 Ukraina Qurolli kuchlari va iqtisodiyotiga uzoq muddatli sarmoya kiritish rejalarini e’lon qilmoqchi. Bu haqda AQSH Milliy xavfsizlik kengashining Yevropa bo‘yicha katta direktori Amanda Sloutning so‘zlariga tayanib, CNN telekanali xabar berdi.
Rasmiyga ko‘ra, bugun alyans Ukraina-NATO kengashining ta’sis yig‘ilishini, so‘ngra AQSH Prezidenti Jo Bayden va Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuvni o‘tkazadi.
NATO sammiti yakunlangach, G7 ning boshqa yetakchilari va Zelenskiy bilan birga Bayden Ukrainaning harbiy salohiyatini mustahkamlash va mamlakatga qo‘shimcha yordam ko‘rsatish haqida muhim bayonot beradi.
“Qo‘shma Shtatlar G7 yetakchilari bilan birgalikda Ukrainaga o‘zini himoya qila oladigan va kelajakdagi hujumlarni to‘xtata oladigan armiya qurishda yordam berish niyatimizni e’lon qiladi”, deydi Amanda Slout.
Uning ta’kidlashicha, hozir va kelajakda rus agressiyasini to‘xtatishga qodir, Ukrainadagi jangovar kuchlarning barqarorligini ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli investitsiyalar e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 11 iyul kuni qabul qilingan NATO sammitining yakuniy hujjatida Ukrainani alyansga qo‘shilish taklifi faqat Rossiya bilan mojaro tugagach, barcha shartlar bajarilgandan va NATOning barcha mamlakatlari bir ovozdan ma’qullangandan keyin berilishi mumkin. NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bu sodir bo‘lmaguncha, NATO Rossiya ustidan jang maydonida g‘alaba qozonish uchun Ukrainani barcha turdagi qurollar bilan faol ta’minlashda davom etishini, aks holda Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari masalasi mantiqiy bo‘lmasligini aytgan.
Ma’lumot uchun, Vilnyusdagi NATO sammitining ikkinchi kunida alyans hamkorlari – Yevropa Ittifoqi, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Shvetsiya, Janubiy Koreya va Yaponiya bilan ishlash va Xitoyga qarshi kurashish, shuningdek, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqiladi.