Andijondagi toshqin bartaraf etildi
3-sahifa
−
09 may 7165 2 daqiqa
Kecha, 8 may kuni Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida “Sarvontepa” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Janubiy Farg‘ona kanali qirg‘oqlarining biriga shikast yetgani oqibatida ko‘chalarni suv bosgani haqida xabar berilgandi. Kanalning suv toshgan qismi to‘liq mustahkamlandi va suv toshqini bartaraf etildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, kanalga katta miqdorda suv kelishi oqibatida kanalning piketi o‘ng qirg‘og‘ining 30 metr qismi yemirilib, ma’lum miqdorda suv sizib chiqish holati kuzatilgan. Sodir bo‘lgan vaziyat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida shtab tashkil etilib, faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Bu borada hududiy FVB tomonidan FVDTning quyi tizimiga kiruvchi xizmatlar bilan hamkorlikda kanalning yemirilgan qismida muhandislik-himoya ishlari, xususan, 2250 metr/kub shag‘al va 900 metr/kub xarsangtosh olib borilib, suv toshgan qismi to‘liq mustahkamlangan va suv toshqini bartaraf etilgan.
FVV bergan xabarga ko‘ra, toshqin oqibatlarini bartaraf etishga jami 135 ta og‘ir-muhandislik va 223 ta maxsus texnikalar hamda 890 nafar ishchi xodimlar jalb etilgan. Zarar ko‘rgan xonadonlarning hovlisi, tomorqalar va yerto‘lalarida to‘plangan suvlar chiqarib tashlangan. Shuningdek, ichki yo‘llar to‘plangan loyqalardan tozalangan, yo‘llarga shag‘al yotqizish ishlari amalga oshirilgan. Aholi xonadonlarining hovlilari yig‘ilgan chiqindilardan tozalangan hamda ularda dezinfeksiya ishlari olib borilgan. Yuzaga kelgan vaziyat oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
Ammo sal o‘tib FVV postni o‘chirdi. Yangi e’lon qilingan xabarda esa yuqorida keltirilgan ma’lumotlar berilmadi.
Ma’lumot uchun, suv toshqini kuzatilishi bilanoq viloyat Norin-Qoradaryo irrigatsiya tizimlari boshqarmasi tomonidan kanal orqali suv oqimi to‘liq to‘xtatilgandi. O‘zgidromet bergan xabarga ko‘ra, toshqinga GES qurilishi sabab bo‘lgan. Kanalga yuborilgan suv sarfi taxminan 15 sekundiga metr kubni tashkil etgan. Talafotlar bo‘yicha ikki tashkilot ikki xil ma’lumot berdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi jami 100 ga yaqin, shundan 30 xonadonning ichkarisiga, 70 ta xonadonning esa tomorqasiga suv kirganini aytgan bo‘lsa, Gidrometeorologiya xizmatiga ko‘ra, talafot ko‘rgan xonadonlar soni 560 tani tashkil qilgan. Biroq keyinchalik O‘zgidromet ma’lumotlarni tahrirladi va talafot ko‘rgan xonadonlar soni 100 ta ekanini ma’lum qildi.