Anomal “qotil” yong‘inlar sababchisi

Tahlil

So‘nggi kunlarda O‘zbekiston hududida, xususan Toshkent shahrida yong‘inlar soni ko‘zga ko‘rinarli darajada oshdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtda 10 kun ichida 35 ta yong‘in holati qayd etilgan.

Yong‘inlarning sabablari turlicha, biroq ularning aksariyati aholining elektr xavfsizligiga loqayd munosabati tufayli sodir bo‘lmoqda. Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati rahbarining aytishicha, yong‘inlarning 15 tasi xonadonlarda, 6 tasi korxonalarda, 14 tasi esa boshqa omillar natijasida yuzaga kelgan.

“Ko‘p hollarda odamlar ta’mirlash vaqtida elektr simlarini yangilamaydi. Malakali usta chaqirmay, o‘z bilganicha sim o‘tkazadi. Bu esa yong‘in xavfini keskin oshiradi. Ayniqsa, bir vaqtning o‘zida bir nechta kuchli elektr jihozlarining ishlatilishi simlarda ortiqcha yuklanishga olib keladi,” deydi boshqarma vakili.

Mutaxassislarning fikricha, konditsioner, dudburon va boshqa jihozlarning bir vaqtning o‘zida ishlatilishi elektr tarmoqlarida haddan tashqari yuklanishga sabab bo‘ladi. Agar simlar sifatsiz bo‘lsa yoki avtomatik o‘chirgichlar mavjud bo‘lmasa, bu holat yong‘inga olib keladi.

Ochiq maydonlar va avtomobillar ham xavf ostida

Issiq kunlar boshlanganidan beri ochiq maydonlardagi yong‘inlar soni ham oshgan. Dam olishga chiqqan fuqarolarning piknik vaqtida o‘tin yoqib, uni o‘chirmasdan tark etishi oqibatida quruq o‘tlar yonmoqda.

“Birgina tamaki qoldig‘i ham quruq o‘tlarning yonishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois haydovchilardan ham ehtiyot bo‘lish so‘ralmoqda”, deydi Favqulodda vaziyatlar xodimi.

Bundan tashqari, avtomobillarda ham yong‘in xavfi kuchaygan. Quyosh ostida qolgan quvvatlagichlar, oynadan qaytgan yorug‘lik, ichkarida qolgan plastik idishlar yoki suvli butilkalar linza kabi nur to‘plash xususiyatiga ega bo‘lib, mashina ichida yong‘inga sabab bo‘lishi mumkin.

“Bugungi kunda Toshkentda “Dolzarb 30 kun” tadbiri boshlangan bo‘lib, bu jarayonda aholiga yong‘in xavfsizligi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Tadbir davomida korxonalar va jamoat joylarida ham xavfsizlik choralarining bajarilishi qat’iy nazorat qilinadi”.

Yozning ilk issiq kunlaridayoq qayd etilgan o‘nlab yong‘in holatlari shuni ko‘rsatmoqdaki, aholining yong‘in xavfsizligi bo‘yicha savodxonligi va hushyorligi hanuz yetarli darajada emas. Har bir fuqaroning oddiy ehtiyotsizligi – bu nafaqat mol-mulk, balki inson hayoti uchun ham xavf tug‘dirishi mumkin. Shu bois o‘zingizni va yaqinlaringizni asrang.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing