Futbolchilarimga hech qanday e’tirozim yo‘q – Islom Ismoilov
Sport
−
10:07 597 2 daqiqa
Kecha, 12 oktyabr kuni Elit Osiyo Chempionlar ligasining 2-turida “Al-Nasr”ga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Uchrashuvdan so‘ng “Neftchi” bosh murabbiyi Islom Ismoilov uchrashuvdan keyingi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Murabbiyning aytishicha, jamoa o‘yinning dastlabki 30 daqiqasida tartibli futbol namoyish etgan, ammo yo‘l qo‘yilgan xato tufayli o‘yin nazoratini yo‘qotgan.
“O‘yinning 30-daqiqasiga qadar tartibli futbol namoyish etayotgandik. Birgina xato evaziga uchrashuvdagi konsentratsiyani yo‘qotib qo‘ydik. Shundan keyin ikkinchi golni o‘tkazib yubordik. Tanaffusdan so‘ng o‘yinga qaytishga harakat qildik va hisobni qisqartirishga ham erishdik. Biroq qizil kartochka o‘yinimizga ta’sir qildi. Shunga qaramay, jamoam xarakter ko‘rsatdi. Bir kishi kam bo‘lib qolganimizga qaramasdan, bir qator xavfli vaziyatlar yaratdik. “Al-Nasr”dek kuchli jamoaga qarshi 10 kishi bo‘lib o‘ynash doimo qiyin. Ushbu uchrashuv uchun futbolchilarimga minnatdorlik bildiraman, ularga hech qanday e’tirozim yo‘q”, deydi Ismoilov.
“Neftchi” bosh murabbiyi mag‘lubiyatdan keyin jamoa ruhiyatini tiklash va navbatdagi bahsga tayyorgarlik ko‘rish muhimligini ta’kidlagan.
“Bu – bitta o‘yin, hayot esa davom etadi. Bizni oldinda ko‘plab uchrashuvlar kutib turibdi. Xafa bo‘lib o‘tirishga vaqtimiz yo‘q, chunki uch kundan keyin yana maydonga tushishimiz kerak. Hozir asosiy vazifamiz – ruhiyatni ko‘tarish va faqat oldinga intilish”, deydi murabbiy.
Ismoilov har bir uchrashuv jamoa uchun muhim saboq bo‘lishini ham qayd etdi. Uning aytishicha, “Neftchi” raqibga qarab taktik sxemani o‘zgartirib bormoqda. Jamoa avvalgi bahsda 4-3-3 sxemasida harakat qilgan bo‘lsa, “Al-Nasr”ga qarshi 5-4-1 taktikasini tanlagan.
Murabbiyning ta’kidlashicha, jamoa bugungi o‘yinda yo‘l qo‘yilgan xatolarni tahlil qilib, keyingi uchrashuvga tayyorgarlik jarayonida ularni bartaraf etishga harakat qiladi.
Ma’lumot uchun, ikki turdan keyin “Neftchi” hisobida 3 ochko mavjud bo‘lib, jamoa G‘arbiy mintaqada 7-o‘rinni egallab turibdi. Toshkentning “Paxtakor” jamoasi esa 2 ochko bilan mintaqaviy jadvalda 9-o‘rinda bormoqda.
Live
Barchasi