Futbol haqida gapirmagan – Evra Fergyusonning final oldidan aytgan nutqini aytib berdi

Sport 2662
image

“Manchester Yunayted”ning sobiq himoyachisi Patris Evra bosh murabbiy Ser Aleks Fergyusonning 2008 yilning may oyida Moskvada bo‘lib o‘tgan Chempionlar Ligasi finali oldidan qilgan samimiy nutqini eslar ekan, Fergyuson futbol haqida umuman gapirmaganini aytdi. Bu haqda Evraning so‘zlariga tayanib, “Mirror” nashri xabar berdi.

“Bu 2008 yilgi Chempionlar ligasi finalidan oldin edi. Esimda, Fergyuson kelib o‘tirdi, hammamizga qaradi va shunday dedi: “Biz allaqachon g‘alaba qozonganmiz, hatto maydonga tushishimiz ham shart emas. Bir-biringizga qarang, oramizda turli millatlar bor. Kiyinish xonasida turli millat odamlarini ko‘rib, allaqachon g‘alaba qozonganimni his qilaman. Tasavvur qiling-a, Patris Evraning onasi 25 nafar bolani boqishga majbur bo‘lgan. Karlos Teves esa Buenos-Ayresdagi xaroba uylarda o‘sgan”. Bizda shunday yaqin aloqa bor edi . Ha, u futbol haqida gapirmadi. U bizning hayotimiz, boshidan kechirganlarimiz haqida gapirdi. Kiyinish xonasidan chiqqanimizda esa o‘zimizni o‘limga tayyor jangchilardek his qildik”, degan “Yunayted”ning sobiq futbolchisi.

Ma’lumot uchun, Yevropa chempionlar ligasining 2008 yilgi finaliga Angliyaning ikki jamoasi “Manchester Yunayted” va “Chelsi” yetib kelgan. Uchrashuvning asosiy vaqtida 1:1 hisobi qayd etilgan. Penaltilar seriyasida “qizil iblislar” 6:5 hisobida zafar quchgan.

Ma’ruf Abdumalikov
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 39
Reyting: 3.1
t
×