Turkiyada navbatdagi falokat
Tahlil
−
22 yanvar
11486Bugun, 22 yanvar Turkiyada milliy motam kuni. Bugun butun mamlakat bo‘ylab va Turkiyaning chet ellardagi elchixonalarida davlat bayrog‘i tushiriladi.
Bu 21 yanvar kuni sodir bo‘lgan va so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 80 ga yaqin kishining hayotiga zomin bo‘lgan dahshatli yong‘in bilan bog‘liq.
21 yanvarga o‘tar kechasi Turkiyaning Bolu viloyati hududidagi Kartalkaya tog‘-chang‘i kurortida joylashgan mehmonxonada yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in chiqqan paytda mehmonxonada 238 nafar ro‘yxatdan o‘tgan mehmon bo‘lgan.
Mahalliy vaqt bilan tungi soat 03:00 atrofida 12 qavatli yog‘ochdan qurilgan mehmonxonada ro‘y bergan yong‘in tezda butun binoni qamrab olgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in mehmonxona kompleksining restoran qismida boshlangan. Qutqaruvchilar dam oluvchilarni evakuatsiya qilgan va ular kurortdagi to‘rtta mehmonxonaga joylashtirilgan.
Yong‘in chiqqan “Grand Kartal” mehmonxonasi xodimlaridan birining aytishicha, yong‘inni o‘chirish uchun mehmonxonaning o‘ziga tegishli o‘t o‘chirish va tez yordam mashinalari mavjud bo‘lmagan.
“Hamma derazadan sakrayotgan edi – yoshi kattalar ham, yoshlar ham. Bir otaning quchog‘idagi bola halok bo‘ldi. Juda ko‘p mas’uliyatsizliklar bo‘lgan. Yong‘in zinapoyasi bor, lekin u mehmonxonaning ichida, juda mantiqsiz qurilgan. Mehmonxona butunlay yog‘ochdan yasalgan. Kichik bir uchqundan alanga yoyilib ketdi. Yong‘in restorandan boshlandi. Mehmonxonaning o‘ziga tegishli yong‘in o‘chirish mashinasi va tez yordam mashinasining yo‘qligi mutlaqo boshqa masala. Qanday katta qamrovli mehmonxona edi. Mehmonxona yuz foiz to‘lgandi”, deydi ushbu mehmonxona xodimlaridan biri.
Tog‘-chang‘i kurorti dengiz sathidan 2,2 ming metr balandlikda, Kerog‘lu tog‘ tizmasida joylashgan bo‘lib, Turkiyadagi muhim dam olish maskanlaridan biri hisoblanadi. Yong‘in sodir bo‘lgan kuni mehmonxona talaba va o‘quvchilarning ta’tili sababli 80-90 foizga to‘la bo‘lgan.
Yong‘in haqida xabar kelib tushgach, hodisa joyiga o‘t o‘chirish guruhlari va qutqaruvchilar yetib borgan.
Viloyat hokimi Abdulaziz Aydin telekanal efirida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar mahalliy fuqarolar ekanini ma’lum qildi. U o‘shanda kamida 6 kishi halok bo‘lgani, 31 kishi yaralanganini aytdi va respublika prokurori tekshiruvlarni boshlaganini ma’lum qildi.
Keyinchalik Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya yong‘inda halok bo‘lganlar sonini 66 kishi, jarohatlanganlar sonini esa 51 kishi, deya ko‘rsatdi. Hodisa yuzasidan tergov boshlangan va 4 kishi, jumladan, mehmonxona egasi ham qo‘lga olingan.
Ijtimoiy tarmoqlarda hodisa joyi aks etgan videolar tarqaldi. Unda binoning yuqori qavatlarida ko‘plab odamlarning alanga ichida qolganini ko‘rish mumkin. Yong‘indan omon qolganlarning aytishicha, mehmonxonada yong‘inga qarshi hech qanday choralar ko‘rilmagan: na favqulodda chiqish zinasi, na o‘t o‘chirgich, na yong‘in detektori. Mahalliy nashrlarga ko‘ra, kamida ikki kishi mehmonxona derazalaridan sakrash oqibatida halok bo‘lgan. Odamlar choyshablarni bir-biriga bog‘lab, derazadan tushib olgan.
Chang‘i bo‘yicha instruktor Nejmi Kepchetutan turk televideniyesiga bergan intervyusida mehmonxonani yaxshi bilgani sababli o‘zini qutqara olganini, lekin binoning tuzilishi bilan tanish bo‘lmagan mehmonlarning imkoniyati kamroq bo‘lganini aytgan.
“Ichkarida qalin tutun bor edi. Odamlar derazalardan bizni qutqaring deb qichqirardi. Biz 20-25 kishini tashqariga olib chiqdik”, dedi u telekanalga bergan intervyusida.
Prezident Rajab Toyib Erdo‘gan mehmonxona yong‘ini bo‘yicha mas’ullarni javobgarlikka tortish uchun barcha zarur choralar ko‘rilishini aytdi.
“Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, bunday fojia sodir bo‘lishiga sababchi bo‘lganlar, ehtiyotsizlik va aybdorlar qonun oldida javob beradi. Bugun siyosat emas, balki birdamlik va birlik kuni. Biz hammadan, jumladan siyosatimizdan, ommaviy axborot vositalaridan va mahalliy ma’murlardan qurbon bo‘lgan fuqarolarimizga hurmat bajo keltirishini kutib qolamiz”, degan Erdo‘g‘an.
21 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng xalqqa qilgan murojaatida Erdo‘gan yong‘in sababli 22 yanvarni mamlakatda milliy motam kuni deb e’lon qildi.
“Mamlakatimizda yuz bergan fojia munosabati bilan milliy motam kuni e’lon qilindi. Bayroqlar 22 yanvar, chorshanba kuni quyosh botguniga qadar tushiriladi. Bu kun siyosat kuni emas, balki birlik va hamjihatlik kuni”, dedi u.
O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, yong‘in oqibatida o‘zbekistonliklar jabrlanmagan. Prezident Shavkat Mirziyoyev yong‘in oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga hamdardlik yo‘lladi. O‘zbekiston rahbari qardosh Turkiya yetakchisi va xalqiga chuqur ta’ziya izhor etib, marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga sabr-toqat va bardamlik, jabrlanganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tilagan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in qurbonlari soni 76 nafarga yetgan. Yong‘inning sababi hali aniqlanmagan. Adliya vaziri Yilmaz Tunch tergovga prokuratura jalb qilinganini ma’lum qilgan. Hodisa ortidan hibsga olinganlar soni 9 kishiga yetgan.
LiveBarchasi
Trenddagilar



