Fuqarolik masalalariga oid tizim joriy etiladi

Jamiyat

image

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalarini ko‘rib chiqishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi

Ta’kidlanishicha, “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunining 52-moddasiga muvofiq fuqarolik masalalari bo‘yicha manfaatdor davlat organlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni ta’minlash, shuningdek, hujjatlarni va ma’lumotlarni kiritish, hisobga olish hamda monitoring qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid idoralararo ma’lumotlar bazasi shakllantirilishi belgilangan.

Qarorga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi hamda Davlat xavfsizlik xizmati "Pasport-viza" avtomatlashtirilgan axborot tizimi majmuasini modernizatsiya qilish orqali uning tarkibida quyidagilarni nazarda tutuvchi “E-Fuqaro” idoralararo ma’lumotlar bazasini joriy etmoqda:

•    fuqarolik masalalari bo‘yicha arizalarni qabul qilish va ularni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq tartib-taomillar avtomatlashtiriladi;

•    fuqarolik masalalari bo‘yicha tushgan arizalar idoralararo elektron hamkorlik yo‘li bilan manfaatdor vazirliklar va idoralar o‘rtasida ko‘rib chiqiladi hamda ularga tegishli munosabat bildiriladi;

•    fuqarolikka qabul qilish, uni tiklash, undan chiqish va uni yo‘qotish bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.

Belgilanishicha:

•    O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “E-Fuqaro” IMBning yagona buyurtmachisi va saqlovchisi hisoblanadi;

•    davlat organlari va tashkilotlari tomonidan fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish haqidagi arizalari real vaqt rejimida “E-Fuqaro” IMB orqali qabul qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, Davlat soliq qo‘mitasi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda doimiy ravishda idoralararo elektron hamkorlik vositasi orqali almashinadigan ma’lumotlarni amaldagi qonun hujjatlari talablaridan kelib chiqqan holda yangilab borish, olish va berishda foydalaniladigan axborot tizimlarini “E-Fuqaro” IMB bilan o‘zaro muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish yuklandi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:

•    fuqarolik masalalari bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan davlat boji to‘lovlari, davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun to‘langan davlat bojlari va yig‘imlari “Elektron hukumat”ning yagona billing tizimi orqali amalga oshirilishini ta’minlaydi;

•    2021 yil 1 yanvarga qadar — O‘zbekiston Respublikasi hududida fuqarolik masalalari bo‘yicha murojaatlar O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali, xorijda doimiy istiqomat qilayotgan shaxslar tomonidan Tashqi ishlar vazirligi veb-saytida joylashtirilgan interaktiv konsullik xizmati orqali dastlabki ariza yuborish mexanizmini keyinchalik shaxsan kelib murojaat qilish shartini inobatga olgan holda joriy qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “E-Fuqaro” IMB doirasida ishtirok etuvchi vazirliklar va idoralarning asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha mazkur loyihani amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

IIV fuqarolik E-Fuqaro

Baholaganlar

37

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing