Frenki de Yong jiddiy jarohat sabab uzoq muddatga safdan chiqdi

Sport

image

Niderlandiya terma jamoasi va “Barselona” yarim himoyachisi Frenki de Yong o‘ng tizzasining medial kollateral bog‘lamini uzib oldi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

“Jahon chempionati vaqtida tizzamdan jarohat oldim. Dastlabki tekshiruvlardan so‘ng shifokorlar bu yengil jarohat ekanini va o‘ynashda davom etsam, ahvolim yomonlashmasligini aytdi. Ta’til paytida qo‘shimcha tekshiruvlardan o‘tish uchun Barselonaga qaytdim. Tekshiruvlar jarohat dastlab o‘ylanganidan jiddiyroq ekanini ko‘rsatdi. Yaxshiyamki, hozirgi bosqichda jarrohlik amaliyoti talab etilmaydi. Endi bor e’tiborimni to‘liq tiklanishga va imkon qadar tezroq maydonga qaytishga qarataman”, deb yozdi de Yong Instagram’dagi sahifasida.

“Barselona” futbolchini tibbiy guruh nazorati ostida konservativ usulda davolanayotganini ma’lum qildi. Klub kelgusi haftalar davomida uning tiklanish jarayonini kuzatib boradi.

De Yong jarohatni 2026 yilgi jahon chempionatida Niderlandiya terma jamoasi safida ishtirok etayotgan vaqtda olgan.

AS nashrining ma’lumotiga ko‘ra, uning tiklanishi 5–6 oy davom etishi mumkin. Shu bois futbolchi 2027 yilning yanvar oyiga qadar maydonga qaytmasligi kutilmoqda.

Yarim himoyachi turnirda Niderlandiya terma jamoasining 4 ta uchrashuvining barchasida maydonga tushdi. Jamoa 1/16 finalga chiqib, Marokashga qarshi bahsda mag‘lub bo‘ldi. Uchrashuvning asosiy vaqti 1:1 hisobida yakunlandi, penaltilar seriyasida esa Marokash 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.

Ma’lumot uchun, Frenki de Yong 2019 yildan buyon “Barselona” sharafini himoya qilib kelmoqda. U Kataloniya klubi bilan uch marta Ispaniya chempioni, ikki marta mamlakat kubogi va uch marta Ispaniya Superkubogi sohibi bo‘lgan. Futbolchi Niderlandiya terma jamoasi safida 70 ta uchrashuvda maydonga tushib, ikkita gol urgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing