Freedom House O‘zbekistonni Internet erkin bo‘lmagan davlatlar qatorida qoldirdi
Jamiyat
−
23 Sentabr 2021
3692O‘zbekiston AQSHning Freedom House nodavlat tashkiloti tomonidan Internet erkin (not free) bo‘lmagan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda tashkilot saytida e’lon qilingan hisobotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston “Freedom on the Net 2021” (Internetdagi erkinlik 2021) reytingida mumkin bo‘lgan 100 balldan 28 ball to‘plagan.
MDH davlatlari va sobiq postsovet respublikalari orasida bu eng past ko‘rsatkichdir. Masalan, Rossiya - 30, Belarus - 31, Qozog‘iston - 33, Ozarbayjon - 35, Qirg‘iziston - 53, Ukraina - 62, Armaniston - 71, Gruziya - 77 ball olgan.
Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston rasmiylari veb-saytlarni blokirovka qilishda va hukumatni tanqid qiluvchilarni hibsga olishda davom etmoqda.
“Hukumat, shuningdek, ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunni o‘zgartirib, foydalanuvchilarning ma’lumotlarini lokalizatsiya qilishni talab qildi, bu esa taniqli ijtimoiy tarmoqlarni blokirovka qilish uchun bahona bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Qayd etish kerakki, Internetda erkinlikni cheklash bo‘yicha Xitoy birinchi o‘rinda, undan so‘ng Eron va Myanma turibdi.
Eng erkin davlatlar sifatida esa 100 balldan 96, 94 va 87 ball bilan Islandiya, Estoniya va Kosta-Rika ko‘rsatilgan
Eslatib o‘tamiz, joriy yil iyulda O‘zbekiston axborotlashtirish va telekommunikatsiya sohasidagi nazorat davlat inspeksiyasi (Uzkomnazorat) shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan yangi o‘zgartirishlarni buzganligi uchun Skype, Twitter, TikTok, VKontakte va WeChat’ga kirishni chekladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Freedom House’ning ushbu reytingida 2016 yildan beri qayd etib kelinadi va hech qachon (not free) Internet erkin bo‘lmagan darajadan yuqoriga ko‘tarilmagan. Biroq, har yili oz darajada bo‘lsa-da, yaxshi tomonga o‘zgarish yuz beryapti. Xususan, 2016 yilda 21 ball, 2017 yilda 23, 2018 yilda 25, 2019 yilda 26, 2020 yilda 27 va joriy yil 28 ball to‘plagan.
LiveBarchasi