Fransiyalik shaxmatchi “Nomzodlar turniri”dagi hakam ustidan shikoyat qildi
Sport
−
16 aprel
2497Fransiyalik grossmeyster Alirizo Firuzja kanadalik hakam Aris Margetisni shaxmatchiga Torontodagi “Nomzodlar turniri”da rossiyalik Yan Nepomnyashiy bilan o‘yin vaqtida zal bo‘ylab yurishni taqiqlagan. Bu haqda shaxmatchining o‘zi X sahifasida ma’lum qildi.
“O‘yin davomida bosh hakam Margetis menga nisbatan sharmandali qarorni chiqardi. O‘yinning o‘rtalarida, eng keskin pallada, yurish navbati Yanda bo‘lgan vaqtda, hakam yonimga kelib, endi zal bo‘ylab yurmasligimni aytdi. Hakamning aytishicha, oyoq kiyimim yog‘och polda baland tovush chiqarar ekan”, deydi Firuzja.
Shuningdek, o‘yin hakami Firuzjadan keyingi o‘yinlarga boshqa oyoq kiyim kiyib kelishini so‘ragan.
“U menga endi yurmaslikni va ertangi o‘yinga boshqa tufli kiyishimni aytdi, biroq mening oyoq kiyimlarim tasdiqlangan poyabzallar, men bir yildan ortiq vaqt davomida kiyib yuraman. Bo‘lib o‘tgan voqea meni chalg‘itdi, diqqatimni yo‘qotdim. Tashkilotchilarga bu hakamni jazolash kerakligini aytgan bo‘lardim”, deydi 20 yoshli grossmeyster.
Firuzja o‘z postlari ostidagi izohlarga javob berar ekan, tuflisi oddiy erkaklar poyabzali ekanligini, ayollar turnirida ishtirokchilar baland poshnali tufli kiyishsa ham, hakamlardan hech qanday shikoyat yo‘qligini qo‘shimcha qildi.
Hakam Margetis esa boshqa bir ishtirokchi Firuzja ustidan shikoyat qilganini ta’kidlab, shaxmatchining aybloviga javob qaytardi.
“Menga boshqa shaxmatchi Firuzja ustidan rasman shikoyat qildi, u Firuzjaga yaqin orada o‘tirgan edi. Bunday holatda menda bir nechta majburiyatlar yuzaga keladi: barcha ishtirokchilarni himoya qilish va musobaqaning yaxlitligini saqlash” , deydi hakam.
Firuzja va Nepomnyashiy o‘rtasidagi o‘yin 44-bosqichda durang bilan yakunlandi. To‘qqiz turdan so‘ng Nepomnyashiy hindistonlik Gukesh Dommaraju (har biri 5,5 ochko) bilan peshqadamlikn qilmoqda Firuzja esa 3,5 ochko bilan oxirgi o‘rinni band etgan.