Fransiyadagi yong‘inda urushdan qolgan snaryadlar portlab ketdi

Olam

image

Fransiyaning janubidagi Le Porj qishlog‘ida yuz bergan yirik o‘rmon yong‘inlari vaqtida Ikkinchi jahon urushi davriga oid 400 ga yaqin snaryad va o‘q-dorilar yashirilgan hudud aniqlandi. Bu haqda BBC xabar berdi.  

Bildirilishicha, yong‘in paytida eshitilgan kuchli portlashlar dastlab gaz ballonlarining portlashi deb taxmin qilingan. Keyinchalik esa ular yuqori harorat ta’sirida portlagan Ikkinchi jahon urushidan qolgan o‘q-dorilar ekani ma’lum bo‘lgan.

Le Porj meri Martial Zaninettining ta’kidlashicha, yong‘inning ikkinchi kechasida 100 dan ortiq portlash ovozi eshitilgan bo‘lib, u vaziyatni “urush ovozlari”ga qiyoslagan.

“Hududimizda yer ostiga ko‘milgan o‘q-dorilar omborlari bo‘lgan, biroq biz bundan bexabar edik. Yong‘in vaqtida ular portlab ketdi”, deydi mer.

Uning so‘zlariga ko‘ra, portlagan snaryadlar turli tomonga uchib ketgan, ulardan biri hatto turar joylardan birining ichiga kirib ketgan.

Hozirda hududda sapyorlar tomonidan zararsizlantirish ishlari olib borilgan. Shu sabab aholining aksariyati uylariga qaytishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq mahalliy hokimiyat ayrim hududlar hanuz xavfli ekani sababli yopiq qolayotganini bildirgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, topilgan o‘q-dorilar orasida Germaniya va Fransiya armiyalariga tegishli minomyot snaryadlari hamda tankka qarshi snaryadlar bor.

Yong‘in oqibatida Le Porj hududida 180 dan ortiq uy yonib ketgan. Kecha, 3 avgust kuni olingan suratlarda mahalliy aholi vayron bo‘lgan uylar xarobalari orasidan saqlanib qolgan buyumlarini qidirayotgani aks etgan.

Fransiya Bosh vaziri Sebasten Lekornyu yong‘inlarni bartaraf etishda ishtirok etgan qutqaruvchilarga minnatdorlik bildirib, mamlakat “misli ko‘rilmagan inqiroz”ga qarshi kurashni davom ettirayotganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Jironda mintaqasidagi vaziyat barqarorlashib, evakuatsiya qilingan fuqarolar bosqichma-bosqich uylariga qaytmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya va Ispaniyadagi eng kuchli yong‘inlar fonida evakuatsiya qilinganlarning umumiy soni 300 ming kishidan oshgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing