Fransiyadagi 900 yillik Ruan soboriga o‘t ketdi (video)
Olam
−
11 iyul
4159Bugun, 11 iyul kuni Fransiyaning shimoliy qismidagi Ruan shahrida joylashgan XII asrga oid Ruan soborida yong‘in chiqdi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Shahar ma’muriyatiga ko‘ra, yong‘in 120 metr balandlikda, restavratsiya ishlari olib borilayotgan shpil ustida boshlangan. Binodagi odamlar evakuatsiya qilingan, sobor atrofi o‘rab olingan. Yong‘inni o‘chirishga 74 nafar odam va 40 ta texnika jalb qilingan.
“Yong‘inni birinchi bo‘lib ishchilar payqagan. Olov tarqalishi uncha xavf tug‘dirmagan. Negaki, yong‘in sodir bo‘lgan sobor minorasidagi konstruktiv elementlar va narsalarning aksariyati metalldan yasalgan”, deyilgan Ruan rasmiylarining bayonotida.
Rasmiylar yong‘in oqibatida qurbonlar bo‘lmaganini bildirgan. Shahar meri Nikolya Mayer-Rossinol yong‘in bartaraf etilgani, biroq uning yuzaga kelish sabablari aniqlanmaganini aytdi.
Ma’lumot uchun, ushbu sobor Fransiyadagi eng mashhur cherkovlardan biridir. Uning ilk qurilish jarayoni XII asrda boshlangan. 900 yillik tarixga ega bo‘lgan 151 metrlik bu sobor 1876 yildan 1880 yilgacha dunyodagi eng baland bino bo‘lgan.