Fransiya Yevropani Rossiya vaksinalarini tan olmaslikka chaqirdi
Olam
−
08 iyul 2021
5146Yevropa Ittifoqi (YeI) mamlakatlari Rossiya va Xitoyda yaratilgan koronavirusga qarshi vaksinalarni tan olmasliklari kerak. Bu haqda “France 2” telekanali efirida Fransiya Tashqi ishlar vazirligidan Kleman Bon ma’lum qildi.
“[YeI qo‘llanilayotgan] vaksinalar soni Yevropa dorilar agentligi tomonidan tasdiqlanganlari bilan cheklanishi kerak”, deydi u.
Bon Yevropa Ittifoqida hozirgacha atigi to‘rtta — Pfizer, Moderna, AstraZeneca va Johnson & Johnson kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan vaksinalar tasdiqlanganini eslatib o‘tdi. U shu bilan birga, bir qator mamlakatlar, shu jumladan Ispaniyani Rossiya va Xitoy vaksinalarini tan olishga chaqirgani uchun qoraladi.
Bon shuningdek, YeIga kirish ustidan nazoratni kuchaytirishga chaqirdi va YeIda tasdiqlanmagan vaksinalar bilan emlangan sayyohlar uchun o‘z chegaralarini ochgan Gretsiyani tanqid qildi.
Qayd etish kerakki, O‘zbekistonda qo‘llanilayotgan 3 vaksinaning 2 tasi Rossiya va Xitoyda ishlab chiqarilgan. Bular “Sputnik V” (Rossiya) hamda O‘zbekiston bilan hammualliflikdagi ZF-UZ-VAC2001 (Xitoy) vaksinalaridir.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiyada COVID-19 ga qarshi “Sputnik V” vaksinasidan tashqari yana uch — “EpiVakKorona”, “KoviVak” va “Sputnik Layt” ishlab chiqarilmoqda. Xitoyda esa shu vaqtgacha 7 ta vaksina ishlab chiqilgan. Ularning ichida Sinopharm, Sinovac va CanSino kompaniyalari vaksinasi samadorligi bilan ajralib turadi.
LiveBarchasi