Fransiya O‘rta yer dengizida Rossiya tankerini qo‘lga oldi

Olam

image

Fransiya O‘rta yer dengizining g‘arbiy qismida Rossiyaning “soya floti”ga mansub bo‘lishida gumonlangan GRINCH nomli rus neft tankerini qo‘lga oldi. Operatsiya Ispaniyaning janubiy va Marokashning shimoliy qirg‘oqlari oralig‘ida amalga oshirilgan. Bu haqda 22 yanvar kuni Fransiya rasmiylariga tayanib, “Euronews” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron operatsiya davomida mamlakatni bir qator ittifoqchilar, jumladan Buyuk Britaniya qo‘llab-quvvatlaganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, kema xalqaro sanksiyalar ostida bo‘lib, soxta bayroq ostida harakatlangan bo‘lishi mumkin.

Marsel prokuraturasi tanker yo‘nalishini o‘zgartirib, qo‘shimcha tekshiruvlar uchun boshqa manzilga yuborilganini ma’lum qildi.

Bu holat Fransiyada ilk bor sodir bo‘layotgani yo‘q. Xususan, 2025 yil oktyabr oyida ham fransuz rasmiylari mamlakatning g‘arbiy sohilida sanksiyalarga uchragan neft tankerini qo‘lga olgan, biroq bir necha kundan so‘ng uni qo‘yib yuborgandi.

TASS axborot agentligining xabar berishicha, Rossiya rasmiylari zarurat tug‘ilganda yordam ko‘rsatish maqsadida tanker bortida Rossiya fuqarolari bor-yo‘qligini aniqlashga harakat qilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, “soya floti” asosan G‘arb sug‘urta va ro‘yxatdan o‘tkazish tizimlaridan tashqarida foydalaniladigan eski kemalardan iborat. Rossiya ularni Ukrainaga harbiy bosqinidan keyin joriy etilgan Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini chetlab o‘tish uchun ishlatadi. Hindiston va Xitoy kabi mamlakatlarga chegirmali narxlarda sotilgan neftdan tushgan daromadlar urushni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ushbu operatsiya “zarur qat’iyat”ni namoyon etayotganini yozdi. U sanksiyalarga aloqador kemalarni hibsga olish va ular tashiyotgan neftni musodara qilish kabi yanada qat’iy choralar ko‘rishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Rossiya bayrog‘i ostidagi kemani ushlagani haqida xabar berilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Frantsiya Marsel' soya floti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing