Fransiya Ukrainaga zenit-raketa qurollarini beradi – Makron
Olam
−
13 Oktabr 2022
4059Fransiya Ukrainaga mamlakatni raketa zarbalari va dron hujumlaridan himoya qilish uchun bir qator yangi qurollarni topshiradi. Bu haqda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron “France 2” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Fransiya Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning mamlakat havo hududini himoya qilish uchun qurol so‘roviga javoban Ukrainaga radar va zenit-raketa tizimlari yetkazib bermoqchi”, deydi Makron.
Shuningdek, Fransiya rahbari Parij tegishli qurollarni yaqin haftalarda topshirishni rejalashtirayotganini qo‘shimcha qilgan. Biroq u aynan qancha raketa va boshqa tizimlar berilishiga aniqlik kiritmagan.
Bundan tashqari, Makron Fransiya Ukrainaga dastlab Daniya uchun mo‘ljallangan oltita Caesar gaubitsalarini berish haqidagi va’dasidan qaytmaganini aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Parij bu masala ustida ishlamoqda va yaqin kelajakda ushbu uskunani yetkazib berishni istisno etmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya 10 oktyabr kuni Kiyev, Dnepr va Ukrainaning boshqa bir qator shaharlarini kuchli raketa zarbalariga duchor qildi. Ukraina butun mamlakat bo‘ylab havo ogohlantirishini e’lon qildi. Kiyevda, shuningdek, Ukrainaning boshqa hududlarida, jumladan Dnepr viloyati, Odessa va Xarkovda ertalab bir qator portlashlar sodir bo‘ldi.
Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Rostislav Smirnovning aytishicha, kamida 20 kishi halok bo‘lgan, 60 ga yaqin kishi jarohatlangan. Portlash oqibatida oltita avtomobil vayron bo‘lgan, yana 15 tasi zarar ko‘rgan. Mahalliy Telegram kanallari xabariga ko‘ra, portlashlar Ukraina xavfsizlik xizmati ma’muriyati binosi hududida, shuningdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Volodimirska ko‘chasidagi kabinetlaridan birida sodir bo‘lgan. Kiyev metrosida qizil chiziqda poyezdlar harakati to‘xtatildi, barcha yerosti stansiyalari boshpana sifatida ishlaydi.
Hujum ortidan AQSH Jo Bayden Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlari yetkazib berilishiga va’da berdi. Germaniya esa avval va’da qilgan xenit-raketa majmuasini Kiyevga yetkazib berdi.
LiveBarchasi