Fransiya Prezidentiga tarsaki tushirgan erkak holat yuzasidan ko‘rsatma berdi

Olam

image

Avvalroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron mamlakat bo‘ylab safar qilayotganda noma’lum erkak unga tarsaki tushirgani haqida xabar bergandik. Voqea kecha, 8 iyun kuni Drom departamentining Ten-LʼErmitaj kommunasida sodir bo‘lgandi.

Bugun, 9 iyun kuni Fransiya Prezidentiga tarsaki tushirgan odam tergovchilarga uning harakati o‘z-o‘zidan yuz bergani hamda buni oldindan rejalashtirmaganini aytdi. Bu haqda mahalliy BFM telekanali o‘z manbasiga asoslanib xabar berdi.

“So‘roq paytida gumonlanuvchi o‘zidan-o‘zi tarsaki tushirib yuborganini, uning harakatlari ataylab qilinmaganini aytdi”, deydi telekanal manbasi. 

Ma’lum qilinishicha, mamlakat Prezidentiga tajovuz qilgan erkak va uning sherigini hibsda ushlab turish muddati bugun, 9 iyun kuni yana bir sutkaga uzaytirilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Prezident Makronning yuziga tarsaki urgan kishi “Tarixiy qurollarni yig‘uvchilar” klubining 28 yoshli rahbari bo‘lgan.

Hujumni videokamerada tasvirga olayotgan sherigini tintuv qilish paytida politsiya qurol va Adolf Gitlerning “Mein Kampf” (“Mening kurashim”) kitobining nusxasini topgan. Hibsga olinganlar 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi va 45 ming yevro miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.

Holat yuzasidan mamlakat Bosh vaziri Jan Kasteks quyidagicha fikr bildirgandi:

“Davlat rahbariga nisbatan bunday harakatlar demokratiyaning o‘ziga qarshi qaratilgan. Demokratiya – bu fikrlar to‘qnashuvi, ammo bu og‘zaki tahqirlash yoki jismoniy tajovuz emas”.

Oradan vaqt o‘tib, Fransiya Prezidentining o‘zi ham ushbu ko‘ngilsizlikka izoh berdi.

“Agressiv odamlarning jamoatchilik muhokamasini egallab olishiga yo‘l qo‘ymaylik. Ular bunga loyiq emas”, degan Makron.

Ushbu holat Fransiya Prezidentiga uyushtirilgan ilk hujum emas. 2011 yilda Fransiya Prezidenti Nikolya Sarkozi olomonga yaqin bo‘lgan temir panjara bo‘ylab yurib ketayotganda odamlardan biri davlat rahbarining yoqasidan ushlab olgan. O‘shanda Prezidentga tashlangan kishi shartli ravishda 6 oyga qamalgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

779

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing