Fransiya Mudofaa vaziri Shoyguga qo‘ng‘iroq qildi

Olam

image

Fransiya Mudofaa vaziri Sebastyan Lekornyu rossiyalik mavqedoshi Sergey Shoyguga 2022 yil oktyabr oyidan beri birinchi marta qo‘ng‘iroq qildi. Bu haqda kecha, 3 aprel kuni Fransiya Mudofaa vazirligiga tayanib, “Le Monde” nashri xabar berdi

“Lekornyu Shoygu bilan suhbatda ISHID jangarilari javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan “Krokus Siti Holl”dagi teraktni qoraladi va Fransiya terrorchilar qurbonlari va ularning oila a’zolari bilan birdamligini bildirdi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Bundan tashqari, vazir Fransiyada ushbu terakt va Ukraina o‘rtasida aloqa o‘rnatish uchun ma’lumot yo‘qligini yana bir bor ta’kidladi va Rossiyani “har qanday ekspluatatsiyani to‘xtatishga” chaqirgan.

"Vazir Rossiyaning Ukrainada boshlagan bosqinchilik urushini qoraladi va Fransiya Ukrainani Yevropa qit’asida tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida erkinlik va suverenitet uchun kurashda zarur bo‘lgan vaqtgacha va intensiv ravishda qo‘llab-quvvatlashda davom etishini eslatdi", deyiladi xabarda.

Rossiya tomoni esa vazirlar o‘rtasidagi suhbat “fransuz tomonining shoshilinch iltimosiga ko‘ra” bo‘lib o‘tganini ma’lum qildi. Rossiya Mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra, Lekornyu "Ukraina va G‘arb davlatlarining “Krokus”dagi teraktga aloqasi yo‘qligiga qat’iy ishontirishga harakat qilgan". 

O‘z navbatida, Shoygu Rossiya rasmiylarida hujum uyushtirishda "Ukraina izi haqida ma’lumot" borligini aytgan. 

“Kiyev rejimi G‘arb kuratorlarining roziligisiz hech narsa qilmaydi. Umid qilamizki, bu holatda Fransiya maxsus xizmatlari buning ortida turmaydi”, degan Rossiya Mudofaa vaziri.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin AQSH razvedkasi Rossiyaga “Krokus Siti Holl”da terakt sodir etilishi ehtimoli haqida ma’lumot yuborganini tan olgan, ammo bu juda umumiy bo‘lganini aytgandi. “The Washington Post” gazetasi esa ikki amerikalik rasmiyga tayanib, “Krokus Siti Holl”dagi teraktdan ikki haftadan ko‘proq vaqt oldin, 6 mart kuni AQSH rasmiylari Rossiyani ushbu joy hujum uchun potensial nishonga aylanishi mumkinligi haqida ogohlantirganini yozdi. Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev Ostonada bo‘lib o‘tgan SHHT majlisida terakt Kiyev tomonidan tashkillashtirilganini aytdi va terakt uchun javobgarlikni bo‘yniga olgan ISHID va boshqa terrorchi tashkilotlarni AQSHning o‘zi yaratganini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Frantsiya Sergey Shoygu Sebast'yan Lekornyu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing