Fransiya xitoyliklar uchun COVID testini majburiy topshirish muddatini uzaytirdi
Olam
−
28 yanvar 2023
2363Fransiya Xitoydan kelgan sayohatchilar uchun majburiy COVID testlarini 15 fevralgacha uzaytirdi. Bu haqda hukumat qaroriga tayanib, “Reuters” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Xitoyda infeksiya avjiga chiqqaniga qaramasdan, qamariy Yangi yil bayrami paytida xitoyliklarning o‘z oilalari bilan uchrashish uchun dunyo bo‘ylab sayohat qilish ehtimoli ortgan. Shuning uchun, 30 dekabr kuni Fransiya Xitoydan kelayotgan sayohatchilardan parvozdan 48 soat oldin COVID-19 testining salbiy natijasini taqdim etishlarini talab qilishini e’lon qildi.
Yangi tartib bo‘yicha Xitoydan kelayotgan barcha reyslarda, shu jumladan, to‘xtab turgan reyslarda yo‘lovchilardan COVID-19 testlari olindi va Xitoydan kelayotgan samolyotlarda sayohatchilardan niqob kiyish talab qilindi. Ushbu tartib joriy yilning 31 yanvariga qadar davom etishi belgilangan edi.
Endilikda esa bu qoida yana 15 fevralgacha uzaytirildi.
Eslatib o‘tamiz, Xitoyda o‘tgan yilning dekabrida “nol COVID” siyosatining to‘satdan bekor bo‘lishi ortidan kasallanishlar soni ortib ketgan edi. Qamariy Yangi yilni nishonlash maqsadida millionlab aholining ko‘chaga chiqishi esa vaziyatni yanada og‘irlashtirib, har 10 nafar odamning sakkizi COVID-19 infeksiyasini yuqtirishiga olib keldi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi