Fransiya Armanistonga zirhli texnika yubordi. Baku bunga nima deydi?

Olam

image

Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Fransiyaning Armanistonga Bastion ko‘p maqsadli hujumchi zirhli texnikalarini yetkazib berishini qoraladi. Bu haqda TIV matbuot kotibi Ayxan Hojizoda bayonot berdi.

"Biz Fransiyaning Armanistonga Bastion hujumchi zirhli texnikasini yuborganini keskin qoralaymiz", deydi Hojizoda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy texnikaning yetkazib berilishi Armanistonning mintaqadagi harbiy salohiyati va buzg‘unchi faoliyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.

“O‘zini xalqaro huquq hamda mintaqadagi tinchlik va barqarorlik tarafdori sifatida ko‘rsatayotgan Fransiyaning bu qadamlari davlatlar suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xalqaro chegaralarini o‘zaro tan olish asosida munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini shubha ostiga qo‘yadi va vaziyatni keskinlashtirishga xizmat qiladi”, deydi Ozarbayjon TIV rasmiy vakili.

Uning ta’kidlashicha, Parijning Bakuga qarshi tuhmat kampaniyasi fonida Armanistonni harbiylashtirish siyosatiga xizmat qiladigan bu harakatlar Fransiya noto‘g‘ri manfaatlardan kelib chiqayotganidan dalolat beradi.

“Armaniston va Fransiya nihoyat  mintaqada tinchlik va hamkorlikka muqobil yo‘qligini tushunishi kerak”, degan Hojizoda.

Ma’lumot uchun, shu kunlarda Armanistonning bir qator ommaviy axborot vositalarida Acmat kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Bastion ko‘p maqsadli zirhli mashinalarining Yerevanga (Armaniston) yetib kelgani aks etgan fotosuratlar chop etilmoqda. Zirhli mashinalarning birinchi partiyasi Gruziya hududlari orqali yuborilgan, deb ishoniladi. Yetkazib berilgan mashinalar sonini aniqlash qiyin, biroq fotosuratda o‘n beshdan ortiq zirhli texnika ko‘rsatilgan. 

Qayd etilishicha, yetkazib berishlar Gruziya ishtirokida amalga oshirilmoqda, qurollar uning portiga yetib boradi va u yerdan Armanistonga quruqlik orqali olib o‘tiladi. Aftidan, Fransiya oktyabr oyida Parijda tuzilgan kelishuv doirasida arman armiyasini qurollantirish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga kirishgan. 

Bundan tashqari, Fransiya Yerevanni havo hujumidan mudofaa tizimlari, ya’ni radar stansiyalari va zenit tizimlari bilan ta’minlashi haqida ham ma’lumot bor.

Biroq hozirgacha, na Fransiya, na Armaniston Bastion zirhli mashinalari yetkazib berilganini tasdiqlovchi rasmiy ma’lumot e’lon qilgani yo‘q. 

“Armaniston va Fransiyaning mudofaa sohasidagi hamkorligiga oid rasmiy xabarlar va bayonotlardan tashqari, hozircha biz qo‘shimcha ma’lumot bera olmaymiz”, degan Armaniston Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Aram Torosyan Bastion haqidagi xabarlarga munosabatida.

Biroq hozirgacha, na Fransiya, na Armaniston Bastion zirhli mashinalari yetkazib berilganini tasdiqlovchi rasmiy ma’lumot e’lon qilgani yo‘q. 

Bastion – bu 4 x 4 ko‘p maqsadli zirhli transport vositasi bo‘lib, u sakkiz nafar harbiy xizmatchini jihozlar bilan tashish uchun mo‘ljallangan zirhli to‘rt g‘ildirakli harbiy yo‘ltanlamas transport vositasi sifatida ham ta’riflanadi. Uning zirhi 7,62 mm o‘qlarga bardosh bera oladi. Afrika va Yaqin Sharqda foydalanish uchun maxsus ishlab chiqilgan Bastion 12 tonna og‘irlikda, soatiga 110 km tezlikka erishadi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Ozarbayjon Armaniston Bastion

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing