Fojia, ofat, o‘lim va lagerlar: qora turizm uchun o‘nta manzil
Bu qiziq
−
31 avgust 8947 7 daqiqa
Ba’zi sayohatchilar odatiy dam olish manzillaridan ko‘ra fojiali tarixga ega, dahshatli va sarguzashtlarga boy maskanlarni tomosha qilishni afzal ko‘radi. O‘lim va azob-uqubatlar bilan bog‘liq fojiali qirg‘inlar sodir bo‘lgan hududlardan tortib, tabiiy ofat izlariga qadar bo‘lgan joylarni sayohat qilish – qora turizm deyiladi.
Bunday joylarga borish uchun har kimning o‘z sababi bor: kimdir o‘zi yoki ajdodlari o‘tmishini yuzma-yuz ko‘rmoqchi bo‘ladi, kimdir esa tarixiy voqealar haqida chuqurroq bilishni istaydi. Masalan, Aushvits-Birkenau qurbonlaridan qolgan buyumlarni ko‘rish yoki 11 sentyabr memorialida halok bo‘lganlar ismini o‘qish – fojialarga aloqadorlar uchun nihoyatda muhim, boshqalar uchun esa xotirani saqlashda ishtirok etish imkoniyatidir.
Odamlar nima uchun qora turizmga qiziqadi?

Nega ba’zi odamlar o‘z vaqti va pulini bunday joylarga sarflashi ko‘pchilik uchun tushunarsiz holat. Axir, boshqalar yillik ta’tilni plyajda, quyosh tig‘ida dam olib, tashvishlardan yiroqda o‘tkazishni afzal ko‘radi.
“Bournemouth” universiteti professori, turizm bo‘yicha olim Dunkan Laytning aytishicha, qora turizm haqida bir nechta noto‘g‘ri tushunchalar mavjud.
“Eng katta noto‘g‘ri qarashlardan biri – odamlar o‘lim va azob-uqubat joylariga nosog‘lom qiziqish yoki g‘ayritabiiy hayajon sababli boradi, degan fikr. Biroq tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, bunday motivatsiyaga deyarli hech qanday dalil yo‘q”, deydi u.
Biroq asosiy sabablar boshqacha. Odamlar o‘tmishdan saboq chiqarish, fojialarni yodga olish, voqea joylarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish, qurbonlarga hurmat bajo keltirish, oilaviy tarix bilan bog‘liq manzillarga borish yoki milliy o‘zlikni ifodalovchi maskanlarni ziyorat qilishni xohlaydi.
Dunyoga mashhur qora turizm manzillari
1. Aushvits-Birkenau (Osvensim). Polsha

Ikkinchi jahon urushi davrida eng yirik natsistlar konslagerlaridan biri bo‘lgan Aushvits-Birkenau 1940 yilda tashkil etilgan va 40 dan ortiq kichik lagerlardan iborat edi. Bu yerda mahbuslar qullikka majburlangan.

Besh yilda kamida 1,1 million odam qatl etilgan, yahudiylarni ommaviy qirg‘in qilish miqyosi jihatidan boshqa birorta lager u bilan teng bo‘lmagan. Hozirda bu hudud muzeyga aylantirilgan bo‘lib, unda asl barak (lager hududidagi yotoqxona)lar saqlanib qolgan.

Muzeyda poyabzal, chamadon, lager kiyimlari va mahbuslar tomonidan yaratilgan san’at asarlari kabi minglab shaxsiy buyumlar namoyish etiladi. Bu joyda qurbonlarning xotirasi yodga olinadi. Muzey Polshaning Osvensim shahrida joylashgan va deyarli yil bo‘yi ochiq.
2. Chernobil. Ukraina

1986 yilgi Chernobil Atom elektr stansiyasidagi halokat oqibatida 350 ming kishi evakuatsiya qilingan, 28 kishi bevosita radiatsiya ta’siridan vafot etgan, yana ikki kishi portlash oqshomidayoq halok bo‘lgan. Portlash va yong‘in oqibatida reaktor yadrosining kamida 5 foizi atrof-muhitga chiqib ketgan.

Rossiya-Ukraina urushi tufayli hozirda bu hududga sayohatlar kirishi to‘xtatilgan, ammo avvalgi yillarda ko‘plab qora turizm ixlosmandlari bu joyni ziyorat qilgan.
3. 9/11 memorial maydoni va muzeyi. AQSH

“Ground zero” nomi bilan mashhur bo‘lgan Nyu-Yorkdagi ushbu memorial maydon va muzey 2001 yil 11 sentyabr teraktlari hamda 1993 yilgi Jahon savdo markazi portlashini yodga olish uchun tashkil etilgan. Egizak minoralar o‘rnida barpo etilgan bu muzeyda hujjatlar, artefaktlar va shaxsiy hikoyalar saqlanadi.

Memorialda 2 977 nafar 11 sentyabr qurboni va 1993 yilda halok bo‘lgan 6 kishining ismlari bronza panellarga o‘yib yozilgan. Memorial maydon har kuni ochiq, muzey esa dushanbadan tashqari barcha kunlarda faoliyat yuritadi.
4. Urush qoldiqlari muzeyi. Vetnam

Xo Shi Min shahridagi bu muzeyda Vetnam urushi va birinchi Hind-Xitoy urushi haqidagi 9 ta doimiy ko‘rgazma mavjud. U yerdagi fotojurnalistlar suratlari, hujjatlar va artefaktlar orqali urush dahshatlari va siyosati hikoya qilinadi.

Ko‘rgazmalarda qamoqxonalardan qolgan qiynoq asboblari hamda dunyo bo‘ylab vetnamliklarga birdamlik bildirgan odamlar yozuvlari ham o‘rin olgan.

Shuningdek, ikkita maxsus bo‘lim AQSH qo‘shinlari qo‘llagan “Agent Orange” kimyoviy moddasi oqibatlariga bag‘ishlangan. Bu modda 2,6 million gektar yer maydonini ifloslantirib, millionlab insonlar sog‘lig‘i va kelajak avlodga zarar yetkazgan. Muzey Vetnamdagi eng mashhur madaniy ob’ektlardan biri hisoblanadi va har kuni ochiq.
5. Pompey. Italiya

UNESCO ro‘yxatiga kiritilgan Pompey shahri zamonaviy dunyoning tarixiy manzillaridan farqli o‘laroq, qadimgi fojia guvohi sifatida ko‘plab sayyohlarni jalb qiladi. Milodiy 79 yilda “Vezuviy” vulqoni otilishi oqibatida Pompey va Gerkulanum shaharlarida minglab odamlar kul ostida qolgan.

Arxeologik qazilmalar natijasida topilgan xarobalar bugungi kunda ham sayyohlar uchun ochiq. Neapol shahri orqali borib, ko‘rish mumkin. O‘tgan yozdagi rekord darajadagi tashriflar sababli endilikda yozgi oylar davomida kuniga 20 ming kishi bilan cheklanish joriy etildi.

6. “Kramlin yo‘li” qamoqxonasi. Shimoliy Irlandiya

Belfast shahrida joylashgan mazkur sobiq qamoqxona ba’zan paranormal va mistik hodisalarga qiziqadigan sayyohlarni o‘ziga jalb etsada, asosan, qora turizm ixlosmandlari uchun tarixiy ahamiyatga ega.

1845 yildan 1996 yilgacha faoliyat yuritgan “Kramlin yo‘li”da ayollar huquqlari uchun kurashgan Suffraget harakati a’zolari, Shimoliy Irlandiya siyosiy mojarolari davri mahbuslari va boshqa oddiy jinoyatchilar saqlangan. Sayyohlar o‘sha davr tarixi bilan tanishishi va siyosiy mahbuslar piyoda sayr qilgan maydonlarni ko‘rishi mumkin. Sobiq qamoqxona hududi har kuni ochiq.
7. “Choyeng Ek” qatl maydonlari. Kamboja

“Choyeng Ek” genotsid markazi ilgari “Qizil kxmerlar” rejimi tomonidan ommaviy qatl joyi sifatida ishlatilgan. Bu yerda mashhur S-21 qamoq va so‘roq markazidan keltirilgan 18 mingga yaqin mahbuslarning katta qismi o‘ldirilgan. Rejim da’vosida keltirilishicha, maqsad Kambojani “agrar utopiya”ga aylantirish bo‘lgan, ammo amalda qotillik, ocharchilik va kasallik oqibatida 2 millionga yaqin inson hayotdan ko‘z yumgan.

“Choyeng Ek”da qurilgan yirik buddaviy stupa shisha panellari ortida 5 mingdan ortiq qurbonlar bosh suyagi joylashtirilgan bo‘lib, ular yaqin atrofdagi ommaviy qabrlardan topilgan. Pnompen shahridagi sobiq S-21 joyida barpo etilgan “Tuol Sleng” genotsid muzeyi esa tashrif buyuruvchilarga “Qizil kxmerlar” rejimi tarixi, hayot sharoitlari va uning dahshatli oqibatlari haqida bilish imkonini beradi. Muzey har kuni ochiq.
8. Kigali genotsid yodgorligi. Ruanda

Ushbu yodgorlik 1994 yili Ruandada sodir etilgan genotsid qurbonlarini yodga olish uchun tashkil etilgan. Hutu qurolli guruhlari tomonidan Tutsi ozchilik aholisi hamda mo‘’tadil hutularga qarshi qaratilgan qirg‘inda atigi 100 kun ichida qariyb 800 ming kishi halok bo‘lgan. Yodgorlik yonida 250 ming qurbon dafn etilgan ommaviy qabrlar joylashgan. U yerda uchta doimiy ko‘rgazma mavjud bo‘lib, eng yirigi aynan genotsid voqealariga bag‘ishlangan.

Tashrif buyuruvchilar yodgorlikni odatda tirik qolganlar olib boradigan ekskursiya yoki audio-gid orqali tomosha qilishi mumkin. Yodgorlik har kuni ochiq, biroq 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar unga kiritilmaydi.
9. Hirosima. Yaponiya

1945 yil 6 avgust kuni soat 08:15 da Hirosima shahriga atom bombasi tashlandi, u urushda qurol sifatida qo‘llanilgan birinchi yadroviy bomba edi. Portlash oqibatida shahar hududining katta qismi vayron bo‘ldi, kuyish yoki radiatsiya sabab taxminan 140 ming kishi halok bo‘ldi. Bugungi kunda Hirosimada qurbonlarni yodga olish va tarixga guvoh bo‘lish mumkin bo‘lgan bir nechta muhim joylar mavjud. Ulardan eng mashhuri – “Atom bombasi gumbazi” nomi bilan tanilgan “Tinchlik” memorial binosi. Bu portlash markazida omon qolgan yagona inshoot bo‘lib, hozirgacha saqlanib qolgan.

Daryoning narigi tomonida “Tinchlik” memorial bog‘i joylashgan bo‘lib, unda barcha qurbonlar nomi yozilgan arka shaklidagi yodgorlik va minglab noma’lum qurbonlarning kullari qo‘yilgan xotira tepaligi mavjud.

Bog‘ning boshqa tomonida esa “Tinchlik” memorial muzeyi joylashgan. Unda qurbonlardan qolgan shaxsiy buyumlar, tirik qolganlarning guvohliklariga oid rasmlar va o‘sha davr suratlari namoyish etiladi. Muzey yilning deyarli barcha kunlarida ochiq.
10. Sedlec ossuariyasi. Chexiya

Kutna-Hora shahridagi Sedlec hududida joylashgan ushbu katolik cherkovi “Suyak cherkovi” nomi bilan mashhur. XIII asrda bu joyga Quddusdan muqaddas tuproq olib kelinib, qabrlar ustiga sepiladi va shundan so‘ng, qabriston Yevropaning turli burchaklaridan odamlar dafn qilinadigan mashhur joyga aylangan. XIV asrda tarqalgan o‘lat kasalligi va XV asrda qatl etilgan islohotchi ruhoniy Yan Gus tarafdorlari ko‘targan qo‘zg‘alonlar oqibatida vafot etgan yuz minglab odam shu yerga ko‘milgan.

Qabriston to‘lib ketganidan so‘ng odam suyaklari cherkovning pastki qismidagi ossuariya (suyak saqlanadigan maxsus xona)ga joylashtirilgan.
Bugungi kunda bu joy taxminan, 40 ming odam suyagi bilan bezatilgan. Devorlar, naqshlar, hatto ulkan qandil ham inson suyaklaridan yasalgan.
Hozirda Sedlec ossuariyasi har yili yuz minglab sayyohlarni o‘ziga jalb qiladi.

Cherkov katolik an’anasida bu bezaklarni inson hayotining o‘tkinchiligi va o‘limning muqarrarligi haqida eslatma sifatida talqin qiladi, deb ishoniladi.
Live
Barchasi