Fotoreportaj: bayrog‘i Toshkent ko‘chalari bo‘ylab hilpiragan Vengriyaga sayohat

Bu qiziq

image

O‘zbekiston Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanni ehtirom ila kutib oldi. Poytaxtning markaziy ko‘chalari bo‘ylab ikki davlat bayroqlari bir necha kundan beri hilpirab turibdi. Albatta, bularning barchasi bejiz emas. Maqsad ikki o‘rtadagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqich – strategik darajaga olib chiqishdir. Shu o‘rinda, O‘zbekiston va Vengriya rahbarlari o‘rtasida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazildi. Vengriya Bosh vaziri O‘zbekistonda mehmon bo‘lib turibdi.

Mehmon bo‘lish navbati endi QALAMPIR.UZ o‘quvchilarida. Quyida Markaziy Yevropada joylashgan Vengriyaning uzoq yillik o‘tmishi davomida shakllanib kelgan, diqqatga sazovor joylariga virtual sayohat qilamiz.

Vengriya parlamenti binosi

Vengriya poytaxti Budapeshtda, Dunay daryosi bo‘yida joylashgan parlament binosining qurilishi 1885 yilda boshlangan va deyarli 20 yil davom etgan. Uning arxitekturasida neo-gotik va parijlik Bozar uslubi sharqona motivlar bilan g‘aroyib tarzda birlashgan. Ushbu inshoot Vengriyadagi eng yirik bino bo‘lib, 27 metr balandlikdagi gumbazi ostida 691 ta xonani o‘z bag‘riga olgan. 

Budapesht qal’asi

Ushbu bino UNESCO merosi ro‘yxatiga kiritilgan va Vengriya qirollari qarorgohi sifatida xizmat qilgan. Saroyning eng qadimgi qismi XIV asrda qurilgan. Uzoq o‘tmish davomida qal’a ko‘plab qamal, vayronagarchilik va qayta qurishlarni boshdan kechirdi. Qal’aning rekonstruksiyasi 1980 yilda yakunlangan. Saqlanib qolgan tarixiy qismlari orasida Sandor saroyi, Vengriya sharoblari uyi va Baliqchilar qal’asi bor.

Vishegrad qal’asi 

Ushbu qal’a XIII asrda qurilgan. O‘rta asrlarda Vishegrad qal’asi Vengriya qirollarining makoni bo‘lgan. XVIII asrda, Avstriya qo‘shinlari bosqini paytida u deyarli butunlay yo‘q qilindi. Vayronalar orasida faqat Sulaymon minorasi omon qolgan. Hozirda u yerda rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Qal’aning tiklangan devorlarida o‘rta asrlar oshxonalari va ovqat zalining ichki qismini ko‘rish mumkin.

Sitadel qo‘rg‘oni 

XVIII asrda Gellert tepaligining yon bag‘irlari uzumzorlar bilan qoplangan edi. Keyinchalik uning tepasida qo‘rg‘on qurildi. Dunay daryosi qirg‘og‘ining har ikki tomondan ko‘rinishi unga alohida strategik tus bergandi. Avstriya-Vengriya 1867 yilda shakllangunga qadar ushbu qo‘rg‘on taxminan 20 yil davomida harbiy jihatdan xizmat qilgan. Ikkinchi Jahon urushidan so‘ng ushbu qo‘rg‘on yonidan 26 metrlik poydevor ustiga 14 metrlik Ozodlik haykali o‘rnatilgan. Ushbu haykal Vengriyani fashistlardan ozod qilish xotirasiga bag‘ishlangan.

Secheni zanjirli ko‘prigi 

Ushbu ko‘prik Vengriya poytaxti hali alohida ikki Buda va Pesht shahri bo‘lgan davrlarda qad rostlagan hamda uning ramziga aylangan. Bundan tashqari, Secheni zanjirli ko‘prigi mamlakatdagi birinchi tosh ko‘prik hisoblanadi. Ushbu ko‘prik 1849 yilda ishga tushganida dunyodagi eng katta inshootlaridan biri edi. U nemis qo‘shinlari tomonidan portlatilganidan so‘ng 1949 yilda tiklanib, qayta ochilgan. Hozirda ko‘prikning uzunligi 380 metr va kengligi 14,5 metrni tashkil etadi. 

Qahramonlar maydoni 

Bu maydon Vengriya poytaxti Budapeshtda juda mashhur. 1896 yilda ushbu maydon ochilishiga 50 mingga yaqin odam tashrif buyurgan. Maydonning o‘rtasida 36 metrli “Ming yillik” nomli yodgorlik joylashgan. Yodgorlik devori bo‘ylab mamlakat qahramonlarining ko‘rinishi aks etgan. Ularning orasida esa Arpadlar (Vengriyani IX-XIV asrlarda boshqargan) qirollik sulolasining 14 vakili bor. Maydonning me’moriy asosini klassika uslubida eklektizm va barok elementlari bilan qurilgan muzey binolari tashkil etadi.

“Ribatskiy” bastion

Bastionning qurilishi 1905 yilda yakunlangan. Maydon galereya ko‘rinishida bezatilgan bo‘lib, uzunligi 140 metr, eni esa 8 metrni tashkil etadi. Bastion harbiy inshoot bo‘lishiga qaramay, mudofaa maqsadida qurilmagan. Ilgari bu joyda baliq savdosi bilan shug‘ullanilgan bo‘lsa, endi u Matyash cherkoviga ajoyib me’moriy qo‘shimchadir. Bastion devorlari ustidan Dunay daryosi va poytaxtning maftunkor manzarasi ko‘rinadi.

Vengriya opera teatri 

Ushbu inshoot XIX asrda neorenessans va barokko uslubida qurilgan. Auditoriyadagi devor rasmlari taniqli rassomlar: Bertalan Sekey, Lotz, Tan tomonidan tayyorlangan. Mashhur aktyorlar, dirijyor va bastakorlar, shu jumladan italiyalik musiqa ustasi Giakomo Puchchini aynan shu teatrda faoliyat olib borgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

193

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing