YPX xodimi o‘q uzgan haydovchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jamiyat

Avvalroq, 7 dekabrdan 8 dekabrga o‘tar kechasi taxminan soat 03:10 da Chilonzor tumanidagi Muqimiy va Baynalminal ko‘chalari kesishmasida Labo rusumli avtomobilni boshqarib borgan haydovchi beton to‘siqqa urilgani, so‘ng qo‘lida pichoq bilan YPX xodimlariga tajovuz qilgani, IIBB xodimlari unga o‘q uzgani haqida xabar bergan edik. 

Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tuman prokuraturasi tomonidan kecha, 8 dekabr kuni fuqaro N.K.I.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Labo haydovchisi YTH sodir bo‘lgandan keyin kabinadan chiqavermagach, voqea joyiga birinchi bo‘lib yetib kelgan PPX xodimi yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga YTH haqida xabar beradi. Haydovchidan tibbiy yordam kerakligi haqida so‘ramoqchi bo‘lganida, PPX xodimi haydovchining g‘ayritabiiy harakatlari va gaplarida, harakatlarida muvofiqlik yo‘qligiga e’tibor qaratib, bu haqda YPX inspektorlarini ogohlantiradi. Taxminga ko‘ra, haydovchi psixotrop vositalar yoki spirtli ichimliklar ta’siri ostida bo‘lgan. Kutilmaganda haydovchi YTH joyiga yetib kelgan YPX inspektorlariga qarshilik ko‘rsata boshlab,  tinchlanish va jamoat tartibini saqlash haqidagi chaqiruvlarga javoban tajovuzkorona harakatlar qilgan.

Haydovchi yonidagi pichog‘ini chiqarib, kimda kim yaqinlashsa, unga jarohat yetkazishini aytgan. O‘tib ketayotgan haydovchi va piyodalar to‘xtab tomosha qila boshlaganlari sababli hodisa atrofida odam ko‘paya boshlagach, fuqarolar va xodimlar hayoti va sog‘lig‘i uchun real xavf yuzaga kelgan. Shunda YPX inspektori kichik serjant T.O. tabel qurolini qo‘llashga qaror qilgan. YPX inspektori bir necha marta haydovchini qo‘rol qo‘llashi haqida ogohlantirishiga qaramasdan, haydovchi o‘zini agressiv tutishda davom etib, xodimlarga pichoq sanchmoqchi bo‘lgan. Shundan so‘ng YPX inspektori yo‘riqnomaga muvofiq harakat qilib, osmonga o‘q uzgan, bu ham qoidabuzarga ta’sir qilmaganidan so‘ng, uning oyog‘iga qarata o‘q uzgan. Faqatgina shundan so‘ng qoidabuzar pichog‘ini tashlagan. Uning qo‘llari kishanlanib, tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga yetkazilgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

219

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing