“Formula-1”. Rossiya Gran-prisi bekor qilindi
Sport
−
03 mart 2022
2554Rossiya Ukrainaga hujumi sababli dunyoning aksariyat davlatlari tomonidan joriy qilingan iqtisodiy sanksiyalarga duch kelyapti. Shu bilan birgalikda, jahonning yetakchi sport tashkilotlari Rossiya Federatsiyasida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan musobaqalarni birin-ketin bekor qilmoqda. Bu safar “Formula-1” bo‘yicha Jahon chempionati rahbariyati Rossiyada o‘tkazilishi kerak bo‘lgan Gran-pri turniri uchun shartnomani bekor qildi. Bu haqda tashkilotning bayonotiga tayanib, “Reuters” agentligi xabar berdi.
“Formula-1”ning Rossiya Gran-prisi 2014 yildan beri o‘tkazib kelinmoqda. Poygalar Sochidagi Olimpiya bog‘ida o‘tkaziladi. Musobaqa 2022 yilda 23-25 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tishi kerak edi, ammo joriy yilda ushbu Gran-pri turniri o‘tkazilmaydigan bo‘ldi. 2023 yildan boshlab Rossiya Gran-prisini Sankt-Peterburgdagi “Igora Drayv” trassasida o‘tkazish rejalashtirilgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiya Gran-prisi uchun shartnoma 2025 yilgacha mo‘ljallangan.
Rossiya sportiga kiritilgan cheklovlar
Rus qo‘shinlari Ukrainaga kirgach, Xalqaro dzyudo federatsiyasi (XDF) Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni tashkilot faxriy prezidenti va elchisi maqomidan mahrum qildi.
Polsha, Chexiya va Shvetsiya futbol terma jamoasi Jahon chempionatiga saralash doirasida Rossiya bilan o‘yinga borishdan bosh tortdi.
Yevropa futbol uyushmalari ittifoqi (UEFA) 2022 yilgi Yevropa Chempionlar ligasi finali Sankt-Peterburg shahridan Parijga ko‘chirilganini ma’lum qildi.
FIFA hamda UEFA Rossiya terma jamoalari va klublarini barcha futbol musobaqalaridan chiqarib tashladi.
Xalqaro basketbol federatsiyasi rossiyalik basketbolchilar va rasmiy shaxslarni tashkilot shafeligidagi barcha musobaqalarda ishtirok etishdan chetlashtirdi.
Dunyodagi eng yirik sport kiyimlari kompaniyasi “Adidas” Rossiya futbol jamoalari bilan hamkorlikni to‘xtatganini ma’lum qildi. Shuningdek, Germaniyaning "Shalke 04" klubi va UEFA'ning o‘zi ham Rossiyaning "Gazprom" transmilliy kompaniyasi bilan hamkorlikni to‘xtatdi.
Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi (IPC) rossiyalik va belaruslik atletlarni Pekin-2022 Paralimpiya o‘yinlaridan chetlatdi.
Ma’ruf Abdumalikov
LiveBarchasi