O‘zbekistonda karantin tartibini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda
Jamiyat
−
23 mart 2020
7416O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida karantin tartibini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga oid qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Qonun loyihasiga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga yangi 244-5 modda kiritilib, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Bu haqda deputat Rasul Kusherboyev xabar bermoqda.
Unga ko‘ra, shunday ma’lumotni tarqatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yohud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Deputatning ma’lum qilishicha, bunday ma’lumotlarni nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoki OAV, shuningdek internet butunjahon axborot tarmog‘i orqali tarqatish-bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan 400 baravarigacha jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yohud ikki yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksi yangi 257-1 moddasi bilan to‘ldirilib, unga ko‘ra sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, shu jumladan karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishi sharoitida Davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan va davolanishdan o‘tish, karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joyni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqishi mumkin bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lgan shaxslar va borgan joylar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik odamlarning ommaviy kasallanishi yoki zaxarlanishi real xavfini keltirib chiqarsa yohud odamlarning ommaviy kasallanishiga olib kelsa bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan maxrum qilish yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yohud yohud 5 yilgacha ozodlikdan maxrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha qilmish odamning o‘limiga sabab bo‘lsa 2 yildan 3 yilgacha ahloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yohud 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha qilmish odamlarning, ya’ni ko‘pchilikning o‘limiga sabab bo‘lsa 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham bir qator qo‘shimchalar kiritilmoqda. Jumladan, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishi sharoitida jamoat joylarida niqobsiz yurish bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shu bilan birga karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi yoki tarqatilishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzish, shu jumladan karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqatilishi sharoitida shifoxonadagi ichki tartibga rioya etmaslik hamda Davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan va davolanishdan o‘tish, karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joyni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqishi mumkin bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lgan shaxslar va borgan joylar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik - fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborilgan.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda bazaviy hisoblash miqdori (23 mart kuni holatiga) - 223 ming so‘m
LiveBarchasi